Koreyalik isteʼmolchi huquqi sudda himoya qilindi

Koreyalik isteʼmolchi huquqi sudda himoya qilindi

O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Koreya isteʼmolchilar agentligi o`rtasida 2018 yilda memorandum imzolanib, ushbu memorandumga ko`ra Koreya Respublikasi fuqarolarining O`zbekistondagi, mamlakatimiz fuqarolarining esa Koreya Respublikasidagi isteʼmolchilik huquq va manfaatlarini himoya qilinishida o`zaro hamkorlik olib borilishi ko`zda tutilgandi. Isteʼmolchining poymol bo`lgan huquqi tiklab berilishi masalasidagi quyida keltiriladigan misol ana shu hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlardan biri deyish mumkin.

Farg`ona shahar jamiyati tomonidan isteʼmolchi, Koreya Respublikasi fuqarosi janob Choy Kil Xoning manfaatlarini ko`zlab, unga Farg`ona shahrida “EVRO DIAMOND” savdo belgisi ostida faoliyat ko`rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullaev tomonidan ko`rsatilgan xizmatlar natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi Fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudiga kiritilgan daʼvo arizasi ko`rib chiqildi.

Fuqaroning murojaatini Farg`ona shahar jamiyati tomonidan o`rganib chiqilishi natijalari va sud materiallaridan maʼlum bo`lishicha, isteʼmolchi o`z vakili (haydovchisi) orqali 2019 yilning iyun oyida yuqoridagi tadbirkorga qarashli bo`lgan kimyoviy tozalash korxonasiga 10 (o`n) turdagi kiyimlarini tozalatish uchun bergan. Kiyimlar kuzgi-qishki mavsumga mo`ljallanganligi sababli kimyoviy tozalashdan o`tkazilib, xonadonga keltirilgach ulardan maʼlum vaqt foydalanilmagan. Keyinchalik esa ular ko`zdan kechirilganda kiyimlarga jiddiy ziyon yetkazilganligi, ular asl holiga nisbatan rangi va yorqinligini yo`qotganligi, hajmlari kichrayganligi, foydalanib bo`lmaydigan holatga kelganligi kuzatilgan. Isteʼmolchining xizmat ko`rsatuvchi korxona bilan yuzaga kelgan masalani hal qilish borasidagi harakatlari ijobiy natija bermagach, u Federatsiyaning Farg`ona shahar jamiyatiga murojaat qilgan.

Ishni sudda ko`rib chiqilishi davomida xizmat ko`rsatuvchi isteʼmolchi vakili kiyimlarni qabul qilib olish va olib ketish vaqtida ko`rsatilgan xizmat sifati yuzasidan hech qanday eʼtirozlar bildirmaganligi, kiyimlar kimyoviy tozalash korxonasidan olib ketilgach, oradan biroz vaqt o`tganligini, bu orada esa muayyan harakatlar amalga oshirilib, kiyimlarga o`zga shaxslar tomonidan zarar yetkazilgan bo`lishi mumkinligi, u sudgacha bo`lgan oraliqda isteʼmolchi bilan yuzaga kelgan holat yuzasidan kelishib olish borasida harakatlar olib borganligi kabi vajlarni keltirgan bo`lsada, sud uning isteʼmolchi vakili tomonidan xizmatlar sifatiga eʼtirozlar bildirilmaganligi, unga o`zga shaxslar tomonidan keyinchalik zarar yetkazilgan ham bo`lishi borasidagi vajlari bilan kelishmasligini, sababi nizo predmeti hisoblangan kiyimlarda hozirgi kunga qadar kimyoviy tozalash korxonasining xos belgilari (birkalari) saqlanib turganligini ko`rsatib o`tdi. Bu holat esa kiyimlar kimyoviy tozlash korxonasidan keltirilgandan buyon undan hech kim foydalanmaganligini ko`rsatadi. Shuning bilan birgalikda, javobgarga isteʼmolchi kiyimlarni kimyoviy tozalashga yuborishdan oldin va keyinchalik ham fotosuratga olganligi bo`yicha fotohujjatlar taqdim qilindi.

Sud ishni ko`rib chiqilishi natijalariga ko`ra, O`zbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg`ona shahar jamiyatining Koreya Respublikasi fuqarosi Choy Kil Xoning manfaatlarini ko`zlab, yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullaevga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi talabi qanoatlantirilib, javobgardan manfaatdor shaxs foydasiga 12 000 000 (o`n ikki million) so`m undirilishi bo`yicha qaror chiqardi.

 

Nodirjon Toshkanov

Farg`ona shahar IHHQ jamiyati raisi

Отправить комментарий