Purkagich nosoz chiqdi
Namangan tumanida yashovchi Mo`ydin Qosimov (ism, familiyasi o`zgartirilgan) savdo-sotiq ishlari bilan Qo`qon shahridagi bozorga kelarkan, yo`l-yo`lakay Uchko`prik tumanidagi savdo do`konlaridan birida sotilayotgan o`simliklarga kimyoviy ishlov berishga mo`ljallangan yarim mexanik motorli purkagichni ko`rib, sotuvchi bilan savdolashish asnosida uni 260 000 so`mga sotib oldi.
Bog`bon bo`lganligi bois xo`jalik ishlarida zarur uskuna sotib olganidan xursand holda uyiga kelib purkagichni ishlatib ko`rgach esa Mo`ydin akaning hafsalasi pir bo`lgan. Sababi buyumda biror nuqson bo`lsa kerakki, u yaxshi ishlamayotgan edi. Shunda qo`shnisi Sobir amaki:
— E-e-eh Mo`ydinjon, shu pulingga ozgina qo`shganingda chet elda ishlab chiqarilganidan olarding, hali ham kech emas. Masofa uzoq bo`lsa ham vaqt o`tkazmay do`konga qaytarib tashlab kel, — deya maslahat beradi.
Isteʼmolchi oradan 4 kun o`tib Uchko`prikdagi savdo do`koniga keladi va purkagichdagi nuqson borasida o`zining eʼtirozlarini bildiradi. Endi uni sotuvchining O`zbekistonda ishlab chiqarilgan texnika buyumlari ham xorijda ishlab chiqarilgan analoglari bajaradigan vazifani bajarishi, apparatdagi nuqsonni esa bepul bartaraf etib berishi yoki boshqasiga almashtirib berishi to`g`risidagi mulohaza va takliflari qiziqtirmas, xayolini faqat pulini qaytarib olishu, ozgina qo`shib bo`lsada pishiq-puxta xorij texnikasini sotib olish egallab olgan edi. Shu sababdan “Menga pulimni qaytaring”, — deb turib oldi. Sotuvchini esa xaridorga pulni qaytarish varianti qoniqtirmas edi. Shundan so`ng isteʼmolchi mazkur masalada amaliy yordam ko`rsatilishini so`rab Uchko`prik tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Kelisha olmayotgan tomonlar oldiga yetib kelgan tuman jamiyati mutaxassislari sotuvchi va xaridorga O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni tegishli moddalari mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirishlar berishdi. Tushuntirishlardan so`ng xaridorga 260 000 so`m miqdoridagi naqd pulni qaytargan sotuvchi, isteʼmolchining qonun 13-moddasida ko`rsatilgan huquqini ro`yobga chiqara olishiga imkoniyat yaratib berdi.
Murojaati ijobiy hal bo`lganidan xursand bo`lgan isteʼmolchi soha xodimlariga o`z minnatdorchiligini bildirdi.
Nargizaxon ShERАLIEVА
Uchko`prik tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий