Muammoni hal etilishi zamonaviy kabel tortilishiga bog`liq
Barchamizga maʼlum, internet tezligi va uning sifati yuzasidan fuqarolardan turli shakllardagi murojaatlar bo`lib turibdi. Qo`qon shahrida yashovchi M.Shodmonovning murojaati ham shu mazmunda.
Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan isteʼmolchi “Uzonline” internet provayderi xizmatlari sifatidan noroziligini bildirgan.
Murojaatni o`rganish davomida holat joyiga chiqish yo`li bilan o`rganib chiqildi, shuning bilan birgalikda Qo`qon shahar telekommunikatsiyalar bog`lanmasidan mazkur masala yuzasidan rasmiy javob ham olindi.
O`rganishda maʼlum bo`lishicha, fuqaro istiqomat qiladigan hududdagi TPP rusumidagi aloqa kabeli maʼnan eskirgan, oqibatda internetni talab darajasidagi tezlikda ishlatishning imkoni yo`q, aloqa xizmatlari mijozi yashash hududiga yaqin atrofiga shisha tolali kabelni tortib kelish ishlari esa nihoyasiga yetkazilmoqda. Bir oy ichida mazkur yo`nalishdagi ishlar nihoyasiga yetkazilishi bilan isteʼmolchini ushbu zamonaviy kabel liniyasiga ulash imkoniyati vujudga keladi. Shundan so`ng internet xizmatlari sifatida ham sezilarli o`zgarishlar bo`ladi.
Yuqoridagi holatlar bo`yicha isteʼmolchiga tushuntirishlar berilgach, u boshlangan ishlarni nihoyasiga yetkazilishini kutishga rozi bo`ldi.
— Mutaxassislar muammoni bir oy ichida bartaraf etilishiga vaʼda berishdi. Umid qilamanki, shu vaqt ichida muammo ijobiy hal etiladi, — deydi isteʼmolchi M.Shodmonov o`rganish ishlari yakunida.
Аsrorjon Mamatqulov
Qo`qon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий