Iste’molchining ma’lumot olish huquqi ta’minlanmas ekan, oddiy holatlardan tushunmovchiliklar kelib chiqaveradi
Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mas’ul xodimi tomonidan shu shaharda istiqomat qiluvchi G‘.Umarovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Unda ko‘rsatilishicha, murojaat egasining turmush o‘rtog‘i haydovchilik guvohnomasiga o‘qish uchun Do‘stlik mahallasi hududida joylashgan avtomaktabga 750 000 (etti yuz ellik ming) so‘m pul to‘lab, hujjatlarini topshirgan. Lekin o‘qish jarayonlari hech boshlanavermagach, ular bizni nega o‘qishga chaqirmayapsizlar, degan savol bilan mas’ullarga murojaat qilganlar va u yerdagilardan hujjatlar hali avtomaktabning Farg‘ona shahrida joylashgan bosh ofisiga jo‘natilgani yo‘q, degan javobni olganlar. Shundan so‘ng fuqaro ishonch telefoniga murojaat qilgan.
Ushbu holatni o‘rganish maqsadida avtomaktabdagilar bilan bog‘lanilganda, ular haqiqatan ham, fuqaro G‘.Umarovning turmush o‘rtog‘idan to‘lov qabul qilinganligini, o‘quv kursini boshlash uchun esa o‘qish istagini bildirgan fuqarolarning muayyan sonidan iborat tarkibda guruh shakllantirilishi lozimligi va guruh shakllantirilgach hujjatlar bosh ofisga taqdim qilinib, o‘quv kursini boshlash uchun ruxsat olinishi bo‘yicha tushuntirish berdilar. Shuning bilan birgalikda, avtomaktab mas’ullari hali guruh shakllantirilib ulgurilmaganligi va fuqaroning guruhni shakllantirilishini kutib turish istagi yo‘qligidan kelib chiqib, unga to‘lagan mablag‘i qaytarilganligini ham ma’lum qildilar.
Shu o‘rinda, bir narsani alohida ta’kidlab o‘tishni istar edik. Amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, ijrochi o‘zi realizasiya qilayotgan ish, xizmatlar haqida iste’molchiga o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Yuqoridagi holatda, avtomaktab mas’ullari, ya’ni qonun tili bilan aytganda ijrochilar iste’molchidan to‘lov va hujjatlarni qabul qilib olayotganlarida, o‘quv kursini boshlash uchun o‘quvchilarning muayyan sonidan iborat guruhning shakllantirilishi asos bo‘lishini, unga qadar o‘qishni boshlay olmasliklarini tushuntira olganlarida, yanayam aniqroq aytilganda iste’molchining ma’lumot olish huquqi va o‘zlarining ma’lumot berish bo‘yicha majburiyatlarini to‘laqonli bajara olganlarida fuqaroning yuqori idoralarga shikoyat qilishiga hojat qolmas ham edi.
Shuhrat Qoraboev
Quvasoy shahar IHHQ jamiyati raisi
Отправить комментарий