Sudlarda iste’molchilar huquqlari himoya qilinmoqda
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasiga ko‘ra, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab qo‘zg‘atiladigan da’volar bo‘yicha sudga murojaat qilganlarida davlat boji to‘lashdan ozod qilinadilar. Qonunda belgilab berilgan huquq va imtiyozlardan foydalangan holda, birgina o‘tgan yilning 9 oyi davomida Federatsiya va uning hududiy ijro etuvchi organlari tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda sudlarga kiritilgan da’vo arizalari bo‘yicha 1 mlrd 340 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berilishiga erishildi. Namangan viloyatining Chortoq tuman jamiyati faoliyatidan mazkur yo‘nalishdagi ishlardan misollarga to‘xtalib o‘taylik.
Chortoq tumani “Alixon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro X.Jo‘raev va «HALOL GO’SHT EXPORT» MChJ o‘rtasida 01.06.2021 yil kunida tuzilgan 99-sonli shartnomaga ko‘ra, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasidagi kredit asosida, X.Jo‘raevga 27 000 000 (yigirma yetti milion) so‘mlik zotli quyonlar yetkazib berilishi kerak bo‘lgan. Biroq MChJ shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda zotli quyonlarni unga yetkazib bermagan. Fuqaro mazkur masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Chortoq tuman jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur masala ishni sudgacha hal qilish jarayonlarida o‘z yechimini topmagach, tuman jamiyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritgan. Masala sudda ko‘rilib, «HALOL GO’SHT EXPORT» MChJdan fuqaro X.Jo‘raev foydasiga 27 000 000 so‘m moddiy hamda 500 000 so‘m ma’naviy zarar, jami 27 500 000 so‘m undirish haqida hal qiluv qarori chiqarildi.
Tumanning “Zangiobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro A.Shoboboev esa aviakassadan sotib olingan chipta pulini qaytarilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 2020 yilning 7 mart kunida «ABDURAXMON AYUBXON GROP» xususiy korxonasiga qarashli aviakassadan chipta sotib olgan. Lekin 2020 yil 16 mart kunidan O‘zbekiston Respublikasida karantin e’lon qilinganligi sababli aviareys bekor qilinadi. Fuqaroning chipta uchun to‘langan 2 328 125 so‘m pulni qaytarish bo‘yicha qilingan sa’y-harakatlari esa natija bermaydi.
Iste’molchining tuman jamiyatiga mazkur masalada qilgan murojaati asosida masalani sudgacha hal qilish bo‘yicha jarayonlardan o‘tilgach, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo ariza kiritildi. Ishni sudda ko‘rilishi natijalariga ko‘ra, «ABDURAXMON AYUBXON GROP» xususiy korxonasidan fuqaro A. Shoboboev foydasiga 2 328 125 moddiy hamda 300 000 so‘m ma’naviy zarar, jami 2 628 125 so‘m undirish haqida hal qiluv qarori chiqarildi.
Maqsadjon Boltaboev
Chortoq tuman jamiyati raisi
Отправить комментарий