Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yo‘lida
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati mutaxassislari tomonidan hamkor tashkilotlar ishchi xodimlarining iste’molchilik sohasida yuzaga kelayotgan muammolarini o‘rganib bartaraf qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, shahardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari ishchi xodimlari bilan tashkillanayotgan yuzma-yuz uchrashuvlar, ularni qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganib hal qilinishi borasidagi ishlar shular jumlasidandir. Bir-ikkita misollarga to‘xtalsam.
Shahardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarining biridagi oshxona faoliyatida foydalanib kelinayotgan PE-1 rusumli ovqat pishirgichni ishlamay qolganligi sababli ushbu jihozlarga texnik xizmat ko‘rsatib kelayotgan Toshloq tumanida joylashgan “Markaziy Utilizasiya” MChJga murojaaat qilishgan. MChJ tomonidan mazkur gaz plitasi ta’mirlash uchun olib ketilib, bir oy o‘tsa hamki ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazib berilmagan. Orada maktabgacha ta’lim tashkiloti ushbu masalada bir-ikki tashkilotga ko‘mak so‘rab murojaat ham qilgan. Lekin masala hal bo‘lmasdan qolib ketavergan. Mazkur ta’lim maskanida shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan tashkillangan uchrashuv davomida tashkilot xodimlari ushbu masalani ham ko‘targandilar. Murojaat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganuv ishlari davomida MChJ mas’ullariga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Qonun talablarini to‘g‘ri anglab yetgan mas’ullar, olib ketilgan ovqat pishirgichni ta’mirlash uchun kelishilgan muddat o‘tib ketganligi sababli jihozdagi nuqsonni bepul bartaraf etib, uni tashkilotiga olib kelib o‘rnatib berdilar.
Yana bir misol. Mustaqillik ko‘chasida yashovchi fuqaro 2021 yilning aprel oyida Toshloq tumanidagi kredit savdo do‘konidan uyali telefon xarid qilgan. Sotib olgan telefoni uchun oldindan 450 000 (to‘rt yuz ellik ming) so‘m to‘lovni ham amalga oshirgan. Bir hafta o‘tmasdan telefon apparatida yuzaga kelgan nuqson yuzasidan kredit do‘koniga qilgan murojaati ham ijobiy hal qilinib, mobil qurilma yangisiga almashtirib ham berilgan. Lekin almashtirib berilgan yangi telefon apparati ham uzoqqa bormasdan, buzilib qolavergach iste’molchi do‘kon ma’muriyatidan tuzilgan shartnomani bekor qilinishini talab qiladi. Oradan bir necha kun o‘tib, do‘kon xodimlari iste’molchiga shartnoma 2021 yil may oyida bekor qilingani to‘g‘risida telefon orqali ma’lumot beradilar. Biroq 2021 yilning avgust oyiga kelib iste’molchiga xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan krediti mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirish berilib, bank plastik kartasidan pul mablag‘i ushlab qolinadi.
Iste’molchi bankdan qarzdorlik mavjudligi to‘g‘risida xabarnoma olgani va plastik kartasidan qarz hisobiga pul ushlab qolinganidan norozi bo‘lib, do‘kon xodimlaridan izoh talab qilganida, iste’molchiga haqiqatdan ham shartnoma bekor bo‘lganligi to‘g‘risidagi yozma ma’lumotnoma taqdim qilinadi.
Ammo 2021 yilning 20 oktyabriga kelib bankdan yana ogohlantirish xabari keladi. Yugur-yugur, sargardonlikdan charchagan fuqaro Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparatiga murojaat qilib, yuqoridagi holat yuzasidan amaliy yordam berishlarini so‘raydi.
Mutaxassislar tomonidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilib, kredit savdo do‘koni xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasi talablariga ko‘ra yuqoridagi yuz bergan holat bo‘yicha iste’molchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish va mahsulot kredit shartlarida sotib olinganda to‘langan mablag‘ni qaytarib berilishi shartligi tushuntirildi. Qonun talablarini to‘g‘ri anglab yetgan mas’ullar iste’molchining kredit rasmiylashtirilgan vaqtda oldindan to‘lagan 450 000 (to‘rt yuz ellik ming) so‘m pul mablag‘ini qaytarib berdilar, shuning bilan birgalikda, o‘rganish ishlari davomida iste’molchi hamda bank o‘rtasida tuzilgan iste’mol krediti shartnomasi ham bekor qilindi.
Saidxon Xapizov
Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий