Yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotni iste’mol qilinishi natijasida fuqaroning sog‘lig‘iga ziyon yetgan

Yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotni iste’mol qilinishi natijasida fuqaroning sog‘lig‘iga ziyon yetgan

Namangan viloyati Norin tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati ijro etuvchi apparati mutaxassislari tomonidan “Yaydoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi fuqaro A.J.ning murojaati bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi.

Murojaatda bildirilishicha, iste’molchi tuman hududida joylashgan do‘konlarning biridan tuzlangan g‘o‘ra (konserva) mahsulotini xarid qilib, iste’mol qilishi natijasida sog‘ligiga biroz ziyon yetgan. Shundan so‘ng iste’molchi mazkur holat bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilishi, sog‘ligiga yetkazilgan ziyonni o‘rni qoplab berilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman jamiyatiga murojaat qilgan.

Iste’molchi murojaati tuman jamiyati mutaxassislari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari ishtirokida o‘rganib chiqildi. O‘rganish yakunlari mahsulot haqiqatdan ham sifatsiz ekanligini ko‘rsatdi. Kamiga mahsulotning yaroqlilik muddatlari ham ko‘rsatilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish ishlari jarayonida mazkur mahsulotlar partiyasi sotuv peshtaxtasidan olib tashlanishiga, shuningdek iste’molchining sog‘ligiga yetkazilgan zarar uchun 400 000 so‘m pul mablag‘i undirib berilishiga erishildi. Savdo do‘koni xodimlariga savdo rastalariga qo‘yilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik va saqlash muddatlari bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratishlari, kelib chiqishi noma’lum, qo‘lbola usulda tayyorlangan mahsulotlarni sotish bo‘yicha cheklovlar yuzasidan tushuntirish va ogohlantirishlar berildi.

Umida Abduqaxxorova
Norin tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий