Yana qurilish bilan bog‘liq muammolar haqida
Namangan viloyati Chortoq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan tumandagi “A.Navoiy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro M.J ning murojaati o‘rganildi.
Murojaatda fuqaro Chortoq tuman “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Rezanans business pluss” MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan birini sotib olish uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida 25 125 000 so‘m pul mablag‘i to‘laganligini, biroq qurib bitkazilgan uy narxi shartnomada belgilangan summadan oshib ketgani sababli boshlang‘ich to‘lov uchun to‘langan pul mablag‘ini qaytarib olinishida amaliy yordam so‘ragan.
Murojaat tuman jamiyati mutaxasislari tomonidan o‘rganilishi natijasida fuqaroning boshlang‘ich to‘lov uchun to‘lagan pul mablag‘ini o‘ziga qaytarilishiga erishildi.
Tumandagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi G.Ismoilovaning murojaati ham yangi qurilayotgan uylar bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu murojaatda fuqaro tumanning “Sarkor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududiga qurilayotgan ko‘p qavatli uy shartnomada ko‘rsatilgan muddatda qurib bitkazilmaganligi sababli, ana shu uydagi xonadonlardan birini olish uchun to‘lagan 28 000 000 so‘m pul mablag‘ini qaytarib olishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Tuman jamiyati mazkur murojaat bo‘yicha tayyorlangan hujjatlar jamlamasini ilova qilgan holda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritdi. Ishni sudda ko‘rilishi natijalariga ko‘ra, quruvchi «Namangan Baraka Qurilish Ta’mir» MChJdan fuqaro G.Ismoilova foydasiga 28 000 000 moddiy hamda 500 000 so‘m ma’naviy zarar, jami 28 500 000 so‘m undirish haqida hal qiluv qarori chiqarildi.
Boltaboev Maqsadjon
Chortoq tuman jamiyati raisi
Отправить комментарий