Asossiz qarzdorlik iste’molchini anchagina ovora qildi
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan “Ittifoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi J.Nazarovning murojaati o‘rganib chiqildi.
Murojaatda keltirilishicha, iste’molchi xonadonida iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab boradi. 2021 yilning aprel oyida xonadoni tashqi devor qismiga o‘rnatilgan eski elektr xisoblagich uskunasini elektr ta’minoti idorasi xodimlari yangi zamonaviy uskunaga almashtirib berishgan. Oradan vaqt o‘tib u elektr ta’minoti korxonasiga qarzi bor yoki yo‘qligini bilish uchun borganida, unga 1 100 000 so‘m qarzi borligini aytishib, qarzdorlikni bartaraf qilib qo‘yish so‘ralgan.
Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan elektr ta’minoti korxonasi xodimini jalb qilgan holda o‘tkazilgan o‘rganish ishlarida eski hisoblagichni yangisiga almashtirish jarayonida ko‘rsatkichlarni kiritishdagi yo‘l qo‘yilgan xatolik qarzdorlik vujudga kelishiga sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘ldi. Ya’ni eski besh xonali raqamga ega bo‘lgan hisoblagichning oxirgi ko‘rsatkichi 9571 kVt/soat bo‘lgani holda, elektr ta’minoti idorasi xodimlari ko‘rsatkichni bir marta to‘liq aylanishdan (9999 dan keyingi 0000) keyingi 4571 kVt/soat sifatida kiritganlar. Natijada asossiz qarzdorlik kelib chiqqan.
Aslida iste’molchining eski hisoblagichi 1-aylanmasini to‘liq aylanib bo‘lmagan bo‘lib, o‘rganuv kuniga ko‘rsatgich 9571 kVt/soat bo‘lgan holatiga ham iste’molchida hisoblagich ko‘rsatkichining 10235 kVt/soatiga qadar, ya’ni 664 kVt/soatga yoki 192 560 so‘mga haqdorlik mavjud bo‘lgan.
Yuqoridagi xolatlardan kelib chiqib tuman jamiyati tomonidan elektr ta’minoti korxonasiga iste’molchiga nisbatan chiqarilgan noto‘g‘ri qarzdorlikni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilash bo‘yicha aloqa xati yuborildi.
Feruzaxon Umurzaqova
Quva tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий