Tuman jamiyati faoliyatidan
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan 2021 yil davomida aholining iste’mol madaniyatini va huquqiy bilimini yanada oshirish, fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish va hal etish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelindi.
Jumladan, 58 ta korxona, tashkilot, idora va muassasalarning ishchi xodimlari bilan uchrashilib, ular ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlari, shuningdek sohaga oid boshqa qonunlar va qonunosti me’yoriy hujjatlarining mazmun-mohiyati yuzasidan targ‘ibot va tushuntirish ishlari o‘tkazildi. O‘tkazilgan tadbirlar xususida OAVlarda, xususan veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumotlar joylashtirildi. Hududiy birlashmaning istemolchi-info.uz rasmiy sayti va telegramdagi istemolchiinfouz kanali hamda Facebook, Instagramdagi istemolchi-info sahifalari shular jumlasidandir.
Amalga oshirilgan ishlarni yoritish maqsadida Federatsiya muassisligidagi “Iste`mol madaniyati”, tuman hokimligi muassisligidagi “Quva hayoti” gazetalari, Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasi hamda uning radioguruhi bilan hamkorlik olib borilmoqda.
Tuman jamiyatiga fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni hal qilib berilishi natijasida 70 mln so‘mdan ortiq mablag‘lar ularning foydasiga qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar ichida kommunal idoralar xizmatlaridan norozi bo‘lib qilinayotgan murojaatlarning soni yuqoriligicha qolmoqda.
Tuman jamiyati qoshida tashkil etilgan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonasi orqali iste’molchilarga bepul huquqiy maslahatlar berib kelinayotgan bo‘lsa, jamiyat rahbari boshchiligida 11 ta mahallaga chiqib sayyor qabulllar ham o‘tkazildi. Mazkur qabullar davomida 55 nafar fuqarolarning sohaga oid muammolarini hal qilishga amaliy yordamlar ko‘rsatildi, bepul huquqiy maslahatlar hamda amaldagi qonunchilik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan aholining huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini yanada oshirish maqsadida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar rejasini belgilashda olib borilayotgan ishlarni sifat va son jihatidan yanada yaxshilash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Feruza Umurzaqova
Quva tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий