Qonun loyihasi muhokamasi o‘tkazildi
Farg‘onada Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovasion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Doniyor G‘aniev va qo‘mita a’zolari Umidjon Jabborov, Shoxista Turg‘unovalar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasining «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonuni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda sohaga daxldor idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Qonunchilik palatasi deputatlari va boshqa mas’ullar tomonidan rivojlangan mamlakatlar tajribasi va zamon talablari asosida qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish, hozir amalda bo‘lib turgan qonun normalariga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar, shuningdek yangi normalarni kiritilishi va bunga sabab bo‘lgan omillar kabi masalalarda atroflicha tushuntirishlar berib o‘tdilar.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari o‘zlarining faoliyat yo‘nalishlaridan hamda hayot tajribasidan kelib chiqqan holda shiddat bilan rivojlanib borayotgan internet texnologiyalari zamonida qonunni yangi tahrirda qabul qilinishini ijobiy baholagan holda, bu boradagi o‘z taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan ishtirokchilarning barcha fikr-mulohazalari hamda takliflariga tegishli munosabatlarini bildirib o‘tib, ulardan kelib tushgan savollarga javoblar qaytardilar.
Hududiy birlashma Axborot xizmati
Отправить комментарий