Yozyovon tumanida “Iste’molchilar uyi”ni ochilish marosimi bo`lib o`tdi

Yozyovon tumanida “Iste’molchilar uyi”ni ochilish marosimi bo`lib o`tdi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi «2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-6181-son Farmoni hamda ushbu Farmon asosida tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da belgilangan vazifalardan kelib chiqqan, bugungi kunda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy jihatdan yanada rivojlantirish bo‘yicha innovasion g‘oyalar orqali o‘z tashabbusiga tayangan holda faoliyat ko‘rsatayotgan jamoatchilik tashkiloti sifatida turli loyiha va tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

Federatsiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda Davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida dastlab «Iste’molchi kutubxonasi», so‘ngra «Iste’molchilar uyi» nomlari ostida ishlab chiqilgan, keyinchalik yuqorida nomi zikr etilgan Konsepsiyada belgilangan «davlat+fuqarolik jamiyati institutlari+tadbirkorlik sub’ektlari» tamoyiliga asoslangan holda takomillashtirilgan ushbu loyihalar asosida bugungi kunga qadar viloyatimizning Oltiariq, Rishton, Bag‘dod, Farg‘ona, Qo‘shtepa tumanlarida hamda Farg‘ona shahrida, mahalliy hokimliklar ko‘magida, iste’molchilar uchun ma’muriy binolar qurib bitkazilib, ishga tushirildi va bugungi kunda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Yozyovon tumani markazida ham tuman hokimligining amaliy ko‘magida «Iste’molchilar uyi» ma’muriy kompleksi qurib bitkazilib ishga tushirilmoqda. Unda aholining iste’mol madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etiladigan “Iste’molchi kutubxonasi” bilan bir qatorda, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning “mahallabay” tizimini joriy etishga qaratilgan “Huquqiy maslahat” markazi faoliyati ham qo‘yiladi.

Bugun mazkur binoni tantanali ochilish marosimi o‘tkazilib, unda Federatsiya markaziy apparati, viloyatlar hududiy birlashmalari rahbar va mas’ul xodimlari, mahalliy hokimlik hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Ochilish marosimida so‘z olgan tuman hokimi Dilshodjon Djalilov, Federatsiya raisi Jahongir Sarimsoqov hamda boshqalar tomonidan hududda o‘z ish faoliyatini boshlayotgan «Iste’molchilar uyi» tuman aholisi (iste’molchilari)ning huquqiy bilimlarini va iste’mol madaniyati oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maskani bo‘lib qolishi to‘g‘risida o‘z tilaklarini bildirib o‘tdilar.

Ochilish marosimi doirasida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda uni amaliyotga tatbiq qilish masalalari» mavzusida matbuot anjumani ham o‘tkazildi. Anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillariga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga 2022 yil 18 yanvardagi 746-son Qonun bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, uni amaliyotga joriy etish masalalari, qonun ijrosini ta’minlashda keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash masalalari yuzasidan axborotlar berib o‘tilib, ularni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati

Отправить комментарий