Tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha qarzdorliklarga aniqliklar kiritib berildi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qilgan Farg‘ona tumanilik I.To‘raev gaz ta’minoti idorasi komp’yuter bazasi ma’lumotlari va xonadonidagi gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi tafovut hamda buning oqibatida unga nisbatan hisoblanayotgan qarzdorlikning asosliligiga aniqlik kiritib berilishi masalasida yordam so‘ragan.
Iste’molchi o‘z murojaatida xonadondagi gaz hisoblagich ko‘rsatkichi 7741 kub metr bo‘lgani holda, gaz idorasi tabiiy gaz sarfini 10000 kub metr ko‘rsatkich bo‘yicha olayotganligi, buning oqibatida katta miqdorda qarzdorlik kelib chiqayotganligini ham ma’lum qilgan.
Iste’molchi murojaatini o‘rganish davomida xonadondagi gaz hisoblagich ko‘rsatkichlari, amalga oshirilgan to‘lovlar qayta hisob-kitob qilib chiqildi. Natijada xonadon egalaridan to‘lab qo‘yilishi da’vo qilinayotgan 940790 (to‘qqiz yuz qirq ming yetti yuz to‘qson) so‘m qarzdorlikning asossiz ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat bo‘yicha tuman gaz idorasidan 07.07.2022 yil kunida “Asossiz hisoblangan qarzdorlik “Hududgazta’minoti” AJning 20.06.2022 yildagi “Aholi iste’molchilariga yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun “Billinggaz” dasturida ma’lumotlarni tahrirlash masalalarini tartibga solish to‘g‘risida”gi 144-sonli buyrug‘i hamda “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filialining 29.06.2022 yildagi 259-son buyruqlari asosida tuman gaz idorasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi 22-sonli qarori 2-ilovasi 88-bandiga muvofiq hisoblangan tabiiy gaz hajmlarini tahrirlash lozim bo‘lgan iste’molchilar ro‘yxatiga olinganligi” bo‘yicha 4601/419-sonli javob xati olindi.
Xuddi shunday mazmundagi murojaat I.Mirzaxmedovdan ham kelib tushgan bo‘lib, uning murojaatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, haqiqatda iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlar bo‘yicha xonadonning 241550 so‘m real qarzdorligi mavjudligi, to‘lab qo‘yilishi so‘ralgan jami qarzdorlikning 439572 so‘mi esa asossiz ekanligi ma’lum bo‘lgan. Asossiz qarzdorlik summasi esa tuman gaz idorasi tomonidan, yuqoridagi me’yoriy hujjatlar asosida, tahrirlash lozim bo‘lgan ro‘yxatga olingan.
Abror Isaqov
Farg‘ona tuman jamiyati mutaxassisi
Отправить комментарий