Iste’molchiga o‘n olti million so‘mdan ortiq puli qaytarildi

Iste’molchiga o‘n olti million so‘mdan ortiq puli qaytarildi

Farg‘ona shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari shu shaharda istiqomat qiluvchi M.Mumboyevning bekor qilingan aviareys chiptasi pulini qaytarilishi borasida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

Fuqaroga ko‘ra, u joriy yilning mart oyida Farg‘ona shahrida joylashgan aviakassadan Tojikiston Respublikasida istiqomat qiluvchi 3 nafar qarindoshlariga Farg‘ona-Vladivostok yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi Rossiya Federatsiyasiga qarashli bo‘lgan aviakompaniya tomonidan amalga oshiriladigan reysga 16610500 (o‘n olti million olti yuz o‘n ming besh yuz) so‘mga chipta xarid qiladi. Lekin oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan mazkur reysning bekor qilingani to‘g‘risida xabar topib, aviakassaga bilet uchun to‘langan pulni qaytarilishini so‘rab murojaat qiladi. Garchi aviakassa sotuvchilari unga pullari qaytarilishini va’da qilgan bo‘lsalarda, o‘tgan 5 oy ichida pul qaytarilmasdan bunga turli vaj-karsonlar sabab qilib ko‘rsatilib kelingan.

Murojaat shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilishi jarayonida aviachiptalarni sotish faoliyatini olib borayotgan “BK Turizm” kompaniyasi mas’ullariga amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari yuzasidan tushuntirishlar olib borildi. Tushuntirish ishlari esa tezda o‘z samarasini berib, iste’molchiga chipta pullari to‘liq qaytarildi.

Men qarindoshlarim nomiga aviachipta xarid qilgan edim. Ma’lum sabablarga ko‘ra rejalashtirilgan aviaqatnov bekor qilinib, pullarimizni qaytarilishida muammoga duch keldim va Farg‘ona shahar IHHQ jamiyatiga ariza bilan murojaat qildim, — deydi A.Mumboyev shahar jamiyati raisi nomiga bergan minnatdorchilik xatida.Murojaatimni o‘rganishlari jarayonida 3 kunlik muddatda chipta uchun to‘lagan pullarimni naqd ko‘rinishida to‘liq oldim. Sizlarga rahmat!

Azamatjon Babayev
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi

Отправить комментарий