Aholini roʻyxatga olish bosqichlari hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ishtiroki
Aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish ishlari keng qamrovli tadbir boʻlib, ketma-ket hamda bir vaqtning oʻzida tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin boʻlgan uch bosqichlni oʻz ichiga oladi:
Birinchi bosqichda (3 yilgacha boʻlgan muddat) quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishni tashkil etish, oʻtkazish tamoyillari, uslubiy asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tayyorlanadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiri dasturini, aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish, uning natijalarini olish va eʻlon qilishni tashkil etish uslubiyati ishlab chiqiladi;
aholini sinov asosida roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish ishlari olib boriladi;
har bir roʻyxatga oluvchilarni oʻz hududi boʻyicha xaritalar bilan taʻminlanadi;
aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzish va aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazishning tashkiliy rejasi tuziladi;
har bir xonadon raqamlanishi va koʻchalar nomlanishini amalga oshiriladi;
zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish, uning oʻtkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish orqali tadbir monitoring qilib boriladi;
aholiga aholini roʻyxatga olishning maqsadi va vazifalari axborot-tushuntirish ishlari orqali tanishtiriladi;
roʻyxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlar chop etilib, joylardagi mutaxassislarga etkaziladi;
roʻyxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan taʻminlash ishlari tashkil etiladi;
roʻyxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlar oʻqitilib, ular zaruriy vositalar bilan taʻminlanadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq boshqa ishlar olib boriladi.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha boʻlgan davr) bevosita aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish ishlari amalga oshiriladi, yaʻni aholi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar yigʻiladi, nazorat tekshiruvi oʻtkaziladi va aholini roʻyxatga olish tadbiri materiallari qayta ishlash uchun ixtisoslashgan tuzilmalarga taqdim etiladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha boʻlgan davr) quyidagilar amalga oshiriladi:
aholini roʻyxatga olish tadbirining birlamchi materiallari maʻlumotlarni qayta ishlash boʻyicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olinadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiri materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlanadi;
birlamchi maʻlumotlarni kiritish, kodlashtirish, nazorat va tahrir qilish ishlari amalga oshiriladi;
aholini roʻyxatga olish boʻyicha dastlabki natijalar olinadi;
aholini roʻyxatga olish tadbiri natijalarini eʻlon qilish va ularni tarqatish ishlari amalga oshiriladi.
Aholini roʻyxatga olish boʻyicha vakolatli organ – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi hisoblanib, ular quyidagi muhim vazifalarni amalga oshiradilar:
a) muhim ilmiy va oliy taʻlim muassasalari ishtirokida aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish boʻyicha ilmiy-uslubiy va qoʻllanma materiallarni tayyorlaydi;
b) har bir aholi punktida aholini roʻyxatga olish ishlarini muvofiqlashtiruvchi roʻyxatga olish uchastkalari mudirlarining, davlat statistika organlari xodimlari tarkibidan supervayzerlar (nazoratchi instruktorlar)ning tayinlanishini taʻminlaydi;
v) joylardagi tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda, roʻyxatga oluvchi xodimlarni oʻqitishni, shuningdek, roʻyxatga olish varaqalarini sinov koʻrinishida toʻldirish boʻyicha amaliy mashgʻulotlarni, keyinchalik xatoliklarni tahlil qilish va yuzaga kelgan qiyinchiliklarni tushuntirish orqali oʻtkazilishini (oʻqitish ishlari oʻqitilayotgan xodimlarning oʻrganilayotgan materialni toʻgʻri oʻzlashtirganliklari va roʻyxatga olish ishlariga tayyor ekanliklarini sinovdan oʻtkazgandan soʻng yakunlanadi) amalga oshiradi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
roʻyxatga olish natijalarini qayta ishlash boʻyicha moddiy-texnik vositalarni sotib olish, server uskunalari, roʻyxatga olish varaqalarini mashinada oʻqishni taʻminlovchi skanerlar va boshqa ofis texnikalari bilan taʻminlash boʻyicha tenderlar tashkil etish va oʻtkazilishini taʻminlaydi;
aholini roʻyxatga olish varaqalari maʻlumotlarini kiritish va qayta ishlash boʻyicha avtomatlashtirilgan tizim yaratadi;
aholini roʻyxatga olish tadbirlari natijalarini olish boʻyicha dasturiy vositalarni ishlab chiqadi;
d) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentliklari bilan birgalikda, aholini roʻyxatga olish tadbiri oʻtkazilishi haqida aholini xabardor qilish, roʻyxatga olish tadbirlarida faol ishtirok etish boʻyicha aholi oʻrtasida targʻibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, shiorlar chiqarish va boshqa shu kabi tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi.
Bu tadbirga nafaqat statistika organlari xodimlari, balki respublikaning boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ham aholini roʻyxatga olish ishlarida bevosita ishtirok etadilar.
Jumladan: Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi aholini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan miqdorda kartografik materiallarning (shahar va qishloq aholi punktlarining sxematik rejasi, maʻmuriy tumanlar xaritasi) tayyorlanishini taʻminlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi aholini roʻyxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni saqlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiradi, shuningdek, aholini roʻyxatga olishning yigʻma hujjatlarini qayta ishlangandan soʻng doimiy saqlanishini yuritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:
aholini roʻyxatga olishga jalb etilgan shaxslarning toʻliq xavfsizligi va roʻyxatga olish materiallarining saqlanishini taʻminlaydi;
roʻyxatga olishni oʻtkazish davrida aholini roʻyxatga olish organlarining binolari va yuklarini qoʻriqlashni amalga oshiradi;
aholini roʻyxatga olish organlari bilan birgalikda, roʻyxatga olishni oʻtkazish uchun zarur maʻlumotlarni berishdan bosh tortgan yoki korxona va tashkilot hududiga kiritishga toʻsqinlik qilgan shaxslarga nisbatan maʻmuriy taʻsir choralari koʻrishi mumkin.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tumanlar (shaharlar) hokimliklari zimmalariga ham bir qator vazifalar yuklatilgan boʻlib, ular quyidagilarni amalga oshiradilar:
roʻyxatga olish tadbiriga jalb etilgan shaxslarning oʻqishi va ishlashi uchun yaroqli boʻlgan mebellar va aloqa vositalari bilan jihozlangan vaqtinchalik binolar hamda aholini roʻyxatga olish varaqalari va boshqa hujjatlarni vaqtinchalik saqlash uchun qoʻriqlanadigan binolar ajratadi;
aholini roʻyxatga olish uchastkalarini zarur transport va aloqa vositalari bilan taʻminlaydi;
davlat kadastri va davlat statistika organlari bilan birgalikda, doimiy yashovchi aholi sonini koʻrsatgan holda aholi punktlarining toʻliq roʻyxatini tuzadilar.
Aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha alohida ishlar jalb etilgan pudrat tashkilotlari tomonidan mahsulotlar va xizmatlar sotib olish boʻyicha oʻtkazilgan tanlov asosida bajariladi, yaʻni: aholi oʻrtasida axborot-tushuntirish ishlarini oʻtkazish; kartografik materiallarni chop etish; roʻyxatga olish materiallarini chop etish; moddiy-texnik taʻminlash; roʻyxatga olish materiallarini tashish; texnologik-loyiha ishlarini oʻtkazish va dasturiy taʻminotni ishlab chiqish; roʻyxatga olish varaqalari maʻlumotlarini kiritish, avtomatlashtirilgan holda qayta ishlash va boshqalar.
Aholini roʻyxatga olish tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazishga koʻmaklashish uchun zarur hollarda qoʻshimcha ravishda boshqa vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar jalb etilishi mumkin.
Boburjon Ahadjonov,
Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasining
“Ro‘yxatga olish jkarayonlarini tashkil etish va uni o‘tkazish”
bo‘limi bosh mutaxassisi.
Отправить комментарий