Nuqsonli tovar sotuvchiga qaytarildi

Nuqsonli tovar sotuvchiga qaytarildi

Marg‘ilon shahar «Toshloqtepa» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi X. R.ning “Qumtepa» bozoridan sotib olgan sovutgichda nuqson aniqlangani, sotuvchi va servis markazi tomonidan iste’molchiga amaliy yordam berilmayotganidan norozi bo‘lib O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasininig 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati tegishliligi bo‘yicha o‘rganib chiqildi.

Iste’molchi o‘z murojaatida bozordagi do‘konlarning birida savdo faoliyatini olib borayotgan S.S. dan Artel markasidagi sovutgichni 3 500 000 so`mga xarid qilganini, uni xonadonga keltirib foydalanishi jarayonida sovutgichning pastki katta kamerasi me’yorida ishlamayotganini aniqlab, bu haqda servis markazi xodimlariga murojaat qilganini, xonadoniga tashrif buyurgan markaz ustasi sovutgichda nosozlik yo‘qligini aytganligini, u ushbu javobdan qoniqmagan holda sotuvchiga murojaat qilganida esa sovutgichni issiqroq xonaga olib kirib ishlatib ko‘rish tavsiya qilinganini ma’lum qiladi. Iste’molchi ushbu tavsiyaniyam bajarib ko‘rgandan so‘ng o‘zgarish sezmagach sotuvchiga shartnoma bekor qilib, nuqsonli tovarni qaytarish talabini qo‘ygan, talabi bajarilmagach Federatsiya ishonch telefoniga murojaat qilgan.

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari amaldagi qonunchilik talablari, xususan sotuvchi iste’molchining tovarni almashtirib berish yoki undagi nuqsonlarni bartaraf etish haqidagi talablarini bajarmagan bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilib yetkazilgan ziyon va ma’naviy zararni qoplab berilishini talab qilish huquqiga egaligi yuzasidan tushuntirishlar berilgach, nuqsonli tovarni sotuvchiga qaytarilishiga erishildi.

Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.

Отправить комментарий