Yetti yarim million so‘mlik buyurtma bajarilmay kelayotganligi borasidagi muammo bartaraf qilindi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning Quyqa qishlog‘ida yashovchi Q.A.ning xonadoniga yangi darvoza o‘rnatish uchun berilgan buyurtmasini bajarish ishlari paysalga solib kelinayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchi tuman jamiyatiga qilgan murojaatida xonadoniga yangi darvoza yasab o‘rnatib berilishi uchun ustaga buyurtma berganligi, buyurtma bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan 7 500 000 so‘mni ham to‘lab berganligini, lekin oradan ikki oy o‘tsa hamki buyurtma bo‘yicha ishlar bajarilmasdan kelayotganligini ma’lum qiladi.
Amaldagi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasiga ko‘ra, agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatlarda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi shartnomadan voz kechishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli bo‘ladi. Shuningdek, ish bajarishni boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda iste’molchida ijrochidan buyurtma bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) undirib olish huquqi ham vujudga keladi. Murojaatni o‘rganish davomida ijrochiga qonunning mazkur talablari tushuntirilishi bilan iste’molchi buyurtma qilgan darvoza tayyorlanib, xonadoniga keltirib o‘rnatib berildi.
Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий