Yosh iste’molchining huquqlari tiklab berildi

Yosh iste’molchining huquqlari tiklab berildi

Rishton tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Yuqori Avazboy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi M.O.ning nabirasi uchun xarid qilgan bolalar o‘yinchog‘i nuqsonli chiqqanligi va uni almashirish yoki pulini qaytarilishida amaliy yordam so‘rab qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi tuman markazidagi do‘kondan nabirasi uchun 270 000 so‘mga pul’t bilan boshqariladigan o‘yinchoq yuk avtomashinasi xarid qilgan. Sovg‘ani xursand holda qabul qilib olgan «egasi»ga uni ishlatib ko‘rib, bitta g‘ildirakchasi mustahkam o‘rnashmasdan, hadeb chiqib ketaverayotganidan shikoyat qilgan. Sotuvchi bilan yuzaga kelgan muammo yuzasidan olib borgan muzokarasidan esa natija chiqmagach, ushbu masalada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Tuman jamiyati mutaxassislari mazkur holat yuzasidan sotuvchi bilan uchrashib, unga nuqsonli tovar sotilganda iste’molchining huquqlari, nuqsonli tovarni almashtirish tartiblari va ushbu tartiblarga amal qilinmagan holatda sotuvchiga nisbatan yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar yuzasidan tushuntirishlar berganlaridan so‘ng, nuqsonli o‘yinchoq boshqa maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishiga erishildi.

Xusniddin Latipov,
tuman jamiyati mutaxassisi.

Отправить комментарий