Avtomashina vaqtida yetkazib berilmagan iste’molchining puli sud orqali qaytarib olindi
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasida Dang‘ara tumani «Naymancha» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi A.X.ning shartnoma asosida avtomobil xarid qilish uchun 91 980 100 so‘m miqdorida odindan to‘lovni amalga oshirganligi, lekin avtomobil belgilangan muddatda yetkazib berilmagach, shartnomani bekor qilib pulini qaytarib ololmayotganligi xususidagi murojaati o‘rganilib, sudga da’vo arizasi kiritildi.
Ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi A.X. 2023 yilning 31 iyul kunida «UMID AVTO COMPANIES» MChJ bilan 08/07/R-08-sonli shartnoma imzolab, CHANGAN PICAP avtomobili xaridi uchun 91 981 100 so‘m oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Shartnomaning 1.1-bandiga asosan avtomobil 120 ish kuni mobaynida yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsada, ushbu muddat o‘tganidan so‘ng ham yetkazib berish ishlari paysalga solinayotganligini ko‘rgan iste’molchi 2024 yilning 5-may kunida kompaniyaga shartnomani belgilangan tartibda bekor qilish va to‘langan pul mablag‘ini qaytarish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilgan. Shartnoma bekor qilinib, mablag‘ qaytarilishi lozim bo‘lgan muddatlar ham o‘tgach, ushbu masalani qonuniy hal qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab Federatsiyaning viloyatdagi idorasiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Kiritilgan da’vo arizasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida videokonferensaloqa platformasi vositasida ko‘rib chiqilib, sud da’vogarning da’vo talablarini qanoatlantirishni lozim deb topdi va javobgardan uning foydasiga shartnoma bo‘yicha to‘lagan 91 981 000 so‘m avans to‘lovi hamda 85 000 so‘m videokonferensaloqa harajati, jami 92 066 000 so‘m undirilishi to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi.
Faxriddin Boynazarov,
hududiy birlashma sektor boshlig‘i.
Отправить комментарий