Xarid qilingan avtomobil nuqsonlari sabab boshqasiga almashtirildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Qo‘shtepa tumanida yashovchi K.O.ning xarid qilingan avtomashinada nuqsonlar mavjudligi sababli sotuvchiga qaytarilgani, lekin masala shu kunga qadar hal bo‘lmasdan kelayotganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u joriy yilning 30 avgust kuni shahardagi «AS Farg‘ona servis» MChJdan TRACKER-2 rusumli avtomashinani 282 474 080 so‘mga xarid qilib olib ketgan. Lekin uni keyinchalik ko‘zdan kechirish jarayonida avtomobilning bir necha joylarida bo‘yoqlari ko‘chgan joylari borligini ko‘rgach 5-sentyabr kuni sotuvchiga qaytarib olib kelgan. Lekin masalani hal qilib berish ishlari cho‘zilavergach Bosh prokuratura ishonch telefoniga murojaat qilib, muammoni qonuniy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘ragan.
Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchiga yuzaga kelgan holat va bunday holatlarda amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan xat kiritildi. O‘rganish ishlari davomida, shuningdek sotuvchidan olingan javob xatida iste’molchi tomonidan keltirilgan vajlarning o‘rinli ekanligi isbotini topdi hamda o‘ganish yakunlari bilan iste’molchiga xuddi shu rusumdagi va maqbul sifatdagi avtomobil yetkazib berildi.
Avazbek Yusupov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий