Nuqsonli maishiy texnika bepul ta’mirlanib iste’molchiga soz holatda topshirildi
Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Gulobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Z.S.ning muddatli to‘lov shartlarida xarid qilingan kir yuvish mashinasida aniqlangan nuqsonni sotuvchi tomonidan bartaraf qilib berilishi choralari ko‘rilmayotganligi to‘g‘risidagi murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, u 11 339 930 so‘mga ART WF80L2344G rusumidagi avtomat kir yuvish mashinasi va Samsung rusumidagi chang yutgichni tumandagi «Garant» savdo do‘konidan 2024 yilning 30 yanvar kunidagi muddatli to‘lov shartnomasi asosida sotib olgan. Keyinchalik kir yuvish mashinasidan foydalanib kelishi jarayonida maishiy texnikada nuqson kuzatilgach, savdo do‘koniga bu borada murojaat qilgan. Xonadonga tashrif buyurgan ustalar tomonidan kir yuvish mashinasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, sozlab berilgan bo‘lsada, oradan ma’lum vaqt o‘tib yana nuqson yuzaga chiqqan. Savdo do‘koniga bu safargi murojaatdan so‘ng esa tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmagan.
Iste’molchi murojaatini o‘rganish jarayonida sotuvchiga amaldagi qonunchilik talablari va mazkur talablarni bajarmaslik natijasda kelib chiquvchi oqibatlar tushuntirildi, shuningdek servis markazi mas’ullari bilan bog‘lanilib, iste’molchi qo‘lidagi nuqsonli maishiy texnikani bepul ta’mirlatib berildi.
Adxamjon Xamidov,
tuman jamiyati raisi.
Отправить комментарий