Nuqsonli elektravtomashina boshqasiga almashtirildi
Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Samarqand» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi G‘.Q.ning shartnoma qiymati 5 721 000 so‘m bo‘lgan bolalar o‘yinchoq elektr avtomashinasini muddatli to‘lov shartlarida xarid qilinib, xonadonga keltirib foydalanish jarayonida aniqlangan nuqson sababidan sotuvchiga qo‘yilgan talablar qanoatlantirilmayotganligi holatidan norozi bo‘lib qilingan murojaati o‘rganildi.
Iste’molchining so‘zlariga ko‘ra, bolalar uchun mo‘ljallangan, tovar nomi «Jeeb» bo‘lgan elektravtomashina tumandagi «Ishonch» kredit savdo do‘konidan tovar qiymatini bo‘lib to‘lash shartlarida xarid qilingan. Xonadonga keltirib foydalanish jarayonida esa avtomashinaning quvvatlagich qismida nuqson kuzatilgan. Do‘kon mas’ullariga bu borada qilgan murojaatlari bilan esa ijobiy natijaga erisha olmagan.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, o‘ziga nuqsonli tovar sotilgan iste’molchi bunday tovarlarni almashtirilishini, bepul ta’mirlanishini, nuqsonni bartaraf qilish uchun qilgan harajatlari qoplanishini, shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zararni qoplanishini va shu kabi bir qator talablarni qo‘yish huquqiga ega bo‘lib, uning talablari qonunda belgilangan muddatlarda ijrosi ta’minlanishi kerak. Aks holda, iste’molchida ko‘rilgan zararni qoplatish bilan bir qatorda, qonunda belgilangan muddatlardan o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun tovar bahosining bir foizi miqdorida penya (neustoyka) undirib olish huquqi ham vujudga keladi.
Iste’molchi murojaatini o‘rganilishi jarayonida tomonlarga qonunchilikning yuqoridagi talablari bo‘yicha tushuntirishlar berildi. O‘rganish ishlari esa, kutilganidek, masalani iste’molchi foydasiga hal bo‘lishi bilan yakun topdi. Nuqsonli deb topilgan bolalar elektravtomashinasi maqbul sifatdagisi boshqasiga almashtirib berildi.
Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий