Iste’molchi o‘n olti million so‘mlik «bosh og‘rig‘i»dan xalos bo‘ldi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida shaharning «Miltiqsoz» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi O‘.Q.ning shartnoma qiymati 16 634 000 so‘m bo‘lgan tillo taqinchoqlarni iste’mol krediti shartlarida xarid qilmoqchi bo‘lgani va keyinchalik bu yo‘nalishda kelib chiqqan muammolar bilan bog‘liq holat yuzasidan qilgan murojaati o‘rganildi.
O‘rganishda ma’lum bo‘lishicha, iste’molchi 2024-yilning dekabr oyida shahardagi savdo majmualaridan birida zargarlik buyumlari savdosi faoliyatini olib borayotgan “Ch. J.” MChJ sotuvchilaridan muddatli to‘lov shartlarida tilla taqinchoqlar sotib olmoqchi bo‘lgan. Shartnoma rasmiylashtirilishi jarayonida iste’molchining kredit tarixi bilan tanishilganda uning ballari kredit ajratilishiga monelik qiluvchi darajadaligi ma’lum bo‘lgach, qizining tavallud kuniga sovg‘a qila olmasligidan tushkunlik kayfiyatiga tushib qolgan iste’molchiga sotuvchi tomoni tovarni boshqa usulda xarid qilishni, ya’ni “Yacheyka” muddatli to‘lov usuli mavjudligi, unga ko‘ra tanlangan tilla taqinchoqlar o‘ralib, muhrlanib, do‘konning seyfiga qo‘yib turilishi, mijoz tomonidan har oyda kelishilgan miqdordagi pul summasi olti oy davomida to‘lab borilsa, yettinchi oyga o‘tib tovarni olib ketishi mumkinligini aytishgan. Iste’molchi ushbu shartga ko‘ngan bo‘lib, shartnomani imzolab, 453 000 so‘m oldindan to‘lovni ham amalga oshirgan. U yerdan qaytib kelganidan so‘ng o‘tgan bir-ikki kun ichida zargarlik buyumini boshqa joydan xarid qilib, qiziga ham topshirishga ulgurgan iste’molchi “Ch. J.” MChJ bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishga urinadi, biroq uning sa’y-harakatlari samarasiz ketadi.
Federatsiyaning Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganish davomida sotuvchi tomoniga amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan tegishli tushuntirish va targ‘ibot ishlarini o‘tkazib, iste’molchining muammosini hal qilish yuzasidan muzokaralar olib bordilar. Muzokaralar esa iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinishiga hamda oldindan to‘lov sifatida olingan 453 000 so‘m pulni iste’molchiga qaytarilishi bilan yakun topdi.
Saidxon Xapizov,
shahar jamiyati mutaxassisi.
Отправить комментарий