Hech qanday tafovut aniqlanmadi

Uchko`prik tumani Tojik qishlog`ida yashovchi R. Siddiqova “Xalq qabulxonasi”ga xonadonida foydalangan tabiiy gaz uchun hisoblangan qarzdorlik yuzasidan norozi bo`lib murojaat qiladi.
Isteʼmolchining ushbu murojaati Uchko`prik tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari va “Hududgaz” Uchko`prik filiali mutaxassislari tomonidan tegishli tartibda o`rganildi.
O`rganishlar davomida aniqlanishicha, isteʼmolchining tabiiy gazdan foydalanish holati filialning “Billinggaz” dasturida tegishli tartibda rasmiylashtirilib, shaxsiy abonent hisob raqami yuritilganligi, gaz hisoblash uskunasi (GHU) 2019 yil sentyabr oyida 293 m3 ko`rsatkich bilan qiyoslov ko`rigidan o`tkazilganligi, o`rganish o`tkazish vaqtida GHU ko`rsatkichi 1390 m3 bo`lib, amaldagi tariflar bo`yicha hisoblanganda 416860 so`mni tashkil etishi maʼlum bo`ldi. O`tgan davr ichida isteʼmolchi tomonidan amalga oshirilgan to`lovlar 205 ming so`mni, bazada uning qarzdorligi 211860 so`mni tashkil qilayotganligi qayd etilib, isteʼmolchining qo`lidagi mavjud to`lov kvitantsiyalari bilan solishtirilganda tafovut yo`qligi maʼlum bo`ldi. O`rganishlar davomida isteʼmolchiga nisbatan noqonuniy harakatlar va isteʼmolchi tomonidan tabiiy gazdan foydalanishda qonunbuzilishi holatlari kuzatilmadi.
Isteʼmolchiga gaz isteʼmolchisi sifatidagi huquq va majburiyatlari hamda yuzaga kelgan qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.

Nargizaxon ShERАLIEVА
Uchko`prik tumani IHHQJ matbuot va axborot boʼyicha mutaxassisi