Hisob-kitob qiyoslov ko`rigi muddati o`tib ketgan hisoblagich asosida olib boriladigan bo`ldi

Farg`ona tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Tinchlik mahalla fuqarolar yig`ini hududida yashovchi Sh.Аbduraxmonovning “Farg`ona suv taʼminoti” MChJ Farg`ona tuman filiali tomonidan qo`llanilgan 178000 (bir yuz yetmish sakkiz ming) so`m miqdoridagi qarzdorlikdan norozi bo`lib yozma ravishda qilgan murojaati o`rganildi.

Tuman jamiyati mutaxassislari suv taʼminoti idorasi vakili bilan murojaatni joyida o`rganish maqsadida isteʼmolchi xonadoniga tashrif buyurganlarida xonadonning toza ichimlik suvi tarmog`iga hisoblagich o`rnatilganligiga, hisoblagichning tegishli muhrlari joyidaligiga, o`rganish kunida uning ko`rsatkichi 418 m3ni ko`rsatib turganligiga guvoh bo`ldilar.
Maʼlum bo`lishicha, xonadonga 2015 yilda toza ichimlik suvi tarmog`i tortilgan. Xonadon ichimlik suvini 2016 yilning may oyiga qadar hisoblagichsiz, meʼyoriy to`lov asosida isteʼmol qilib kelgan, may oyidan boshlab esa to`lovlar hisoblagich ko`rsatkichlari asosida amalga oshirib borilgan.
Mavjud to`lov qog`ozlari va hisoblagich ko`rsatkichlari asosida joyida o`tkazilgan qayta hisob-kitoblar, hattoki, isteʼmolchining o`rganish o`tkazish kuniga 58 m3 ga yoki 38860 (o`ttiz sakkiz ming sakkiz yuz oltmish) so`mga haqdorligi yoxud oldindan to`lovdaligini ko`rsatdi. Xo`sh, unda qarzdorlik qayerdan keldi?!
Isteʼmol qilingan ichimlik suvini hisoblagich uskunasi xonadonga 2016 yilning may oyida o`rnatilganligini yuqorida aytib o`tdik. Ziyrak o`quvchi darrov sezganidek, maishiy isteʼmolchilar xonadonlariga o`rnatilgan hisoblagichlarni har 4 yilda bir marotaba davlat qiyoslov ko`rigidan o`tkazilishi kerak edi (bu 2020 yilning iyun oyiga qadar amalda bo`lgan qoidalarga ko`ra, Vazirlar Mahkamasining 28.05.2020 yildagi 342-sonli qarori bilan kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq esa jismoniy shaxslar uchun bu muddat 8 yil qilib belgilangan). Xonadondagi hisoblagichning davriy qiyoslov ko`rigidan o`tkazish muddati esa 2020 yilning may oyiga to`g`ri kelgan. Аmalda ushbu muddat o`tib bo`lgach, ichimlik suvini yetkazib beruvchi korxona shuni asos qilib, qayta hisob-kitob ishlarini o`tkazgan. Ko`ribsizki, hozirgina haqdor bo`lib turgan isteʼmolchi endi qarzdor. Lekin Siz bu yerda isteʼmolchi nohaq ekanda, deb xulosa qilishga shoshilmang.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.07.2014 yildagi 194-sonli qarorini 69-bandida, suvni hisobga olish asbobidan foydalanishning cheklangan muddati tugashidan kamida 30 kalendar kun avval ISKX tashkiloti isteʼmolchiga shartnomada ko`rsatilgan tartibda (pochta orqali, shaxsan, elektron pochta vositasida, ijtimoiy tarmoqlar yordamida va hokazo) ogohlantirish xati jo`natadi. Unda suvni hisobga olish asbobidan foydalanish muddati tugayotganligi qayd etiladi, isteʼmolchi uchrashishi kerak bo`lgan shaxs, manzil, telefon raqami va elektron manzili ko`rsatiladi, deb belgilab qo`yilgan.
Аgar korxona tegishli tartibda isteʼmolchiga ogohlantirish xati bermagan bo`lsachi? Mazkur bandning to`rtinchi xatboshiga qaraymiz, unda belgilanishicha, belgilangan tartibda ogohlantirish xati berilmaganda muddati tugagan hisobga olish pribori orqali isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun qaytadan hisob-kitob qilish qatʼiyan man etiladi.
Yuqoridagi holatda esa hamma balo isteʼmolchining tegishli tartibda ogohlantirilmaganida. Ogohlantirilmagan ekan, demak Qoidalarga ko`ra, qayta hisob-kitob ham o`tkazilmasdan, hisob-kitob ishlari xonadondagi mavjud hisoblagich ko`rsatkichlari asosida olib borilishi kerak.
O`rganish natijalariga ko`ra, yuqoridagi holatlarning barchasi hisobga olinib, hisob-kitobni hisoblagichning amaldagi ko`rsatkichi asosida yuritilishiga va isteʼmolchi zimmasidan qarz yuki xalos etilib, uning to`lovlar bo`yicha haqdor ekanligini tan olinishiga erishildi.
Bu haqda isteʼmolchiga yozma ravishda maʼlum qilindi.

Unutmang!
O`zbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonuni 7-moddasiga ko`ra, isteʼmolchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto`g`ri yoki yetarli darajada to`liq bo`lmagan maʼlumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to`g`risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida isteʼmolchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi.

Xiloldin Gafurov
Farg`ona tuman IHHQ jamiyati bosh mutaxassisi