Kasalni yashirsang …

O‘zbekiston tumanining Elchi mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi D.Q. Xalq bank tuman filialidan olingan 7 500 000 (etti million besh yuz ming) so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit evaziga issiqxona qurdirgan. Lekin shu yilning yanvar’ oyida hududda kuzatilgan shamol ne-ne umidlar bilan boshlangan ishlarni “havoga sovurib”, ish bajaruvchi tomonidan issiqxonani qurishda tegishli talablarga amal qilinmaganligini oshkor qilib qo‘ygan. “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, deydi dono xalqimiz.

Iste’molchi mazkur masalada ijrochiga bir necha murojaatlar qilib, o‘z kuchi bilan muammoni bartaraf eta olmagach, O‘zbekiston tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilib kelgan.

Murojaat asosida Federatsiyaning O‘zbekiston va Beshariq tuman jamiyatlari hamkorligida amalga oshirilgan ishlar natijasi bilan ijrochi tomonidan yuzaga kelgan holat bartaraf etilib, issiqxona foydalanishga yaroqli holatga keltirib berilib, iste’molchining moddiy hamda ma’naviy zarar ko‘rib qolishining oldi olindi.

Isomiddin Abbosov
O‘zbekiston tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi