Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni arafasida

Barchamizga ma’lumki, butun dunyoda 15 mart «Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni» sifatida keng nishonlanadi.

Ushbu sanaga bag‘ishlab sohaga daxldor tashkilotlar tomonidan har yili turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Shu jumladan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan ham ushbu sanaga bag‘ishlab turli ko‘rik-tanlovlar, savol-javob kechalari, uchrashuvlar o‘tkazib borish an’ana tusiga kirgan.

Ana shu sanaga bag‘ishlab hamda hududiy birlashmaning 2021 yil asosiy faoliyat yo‘nalishlari rejasiga asosan Federatsiya tizimida mehnat faoliyati olib borayotgan xodimlar hamda Federatsiya faollari o‘rtasida «Breyn-ring» intellektual o‘yini o‘tkazildi.

Intellektual-o‘yinda viloyatda iste’molchilik ijtimoiy harakati tizimida mehnat faoliyati olib borayotgan hamda ushbu harakatga hayrihoh bo‘lgan Federatsiya faollarining Quvasoy shahri, Farg‘ona, Quva va Toshloq tumanlaridan tashrif buyurgan jamoalari ishtirok etdilar.

O‘yin ishtirokchilari tomonidan berilgan javoblarni hududiy birlashma raisi Axrorjon Raxmonaliev, hududiy birlashma sektor boshlig‘i Otabek Millaboev va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Farg‘ona viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Yunusali Qozixonovlardan iborat tarkibdagi Hakamlar hay’ati baholab bordi.

Intellektual-o‘yin natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Farg‘ona tumanining «Qalqon» jamoasi egalladi. Toshloq tumanining «Himoyachilar» va Quva tumanining «Adolat» jamoalari mos ravishda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni bo‘lishib oldilar.

Shu kuni hududiy birlashma raisi Axrorjon Raxmonaliev ishtirokida tadbirga tashrif buyurgan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan matbuot anjumani ham tashkillandi.

Uning doirasida dunyoda va mamlakatimizda iste’molchilik ijtimoiy harakatining vujudga kelishi, rivojlanishi va bugungi holati, Federatsiya va uning hududiy organlari tomonidan 2020 yil davomida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqiy bilimi va iste’mol madaniyatini oshirish borasida olib borilgan ishlar xususida atroflicha ma’lumotlar berib o‘tilib, tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarildi.

Joylarda 15 mart “Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlar davom ettirilmoqda.

Hududiy birlashma Axborot xizmati