“Hazilkash bankomat”

Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tumandagi tashkilot, korxona, muassasalarda jadval asosida uchrashuvlar, davra suhbatlari, o‘quv seminarlar o‘tkazib kelmoqda. Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad iste’molchilarning huquqiy savodxonligini yanada oshirish, kundalik turmushda iste’molchilik sohasida duch kelayotgan muammolarni yechishda vakolat doirasida amaliy yordamlar ko‘rsatish, ularni iste’molchilik ijtimoiy harakatiga jalb qilishdan iborat.

Yaqinda maktabimizda o‘tkazilgan davra suhbatidan so‘ng men ham Federatsiya a’zoligiga kirgandim. Shu kunlarda bir muammoga duch kelib qoldim, shu muammoni yechimini topishiga yordam bersalaring, – deya murojaat qildi o‘zini N. Olimova deb tanishtirgan ayol.

Murojaatdan ma’lum bo‘lishicha, u joriy yilning 6 yanvar’ kuni o‘g‘liga bank plastik kartasini berib, Qo‘qon bozoriga borib, ro‘zg‘or uchun bozorlik qilib kelishini tayinlagan. O‘g‘li 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m mablag‘ni naqdlashtirmoqchi bo‘lib, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Qo‘qon filialiga qarashli bankomatga plastik kartani solgan. Kerakli amaliyotlar bajarilgandan so‘ng, bankomat plastik kartani va to‘lov chekini chiqargan, biroq pul bankomatning pul chiqarishga mo‘ljallangan joyidan chiqqanu yana tezlik bilan qaytib kirib ketgan.

Bu holga hayron bo‘lgan fuqaro ilojsizlikdan plastik kartani yana “hazilkash bankomat”ga solgan va 150 000 (bir yuz ellik ming) so‘m pulni naqdlashtirib, ro‘zg‘or uchun bozorlikni qilib uyiga kelgan va bo‘lgan voqeani onasiga aytgan.

Shu kuniyoq ona-bola “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Qo‘qon filialiga borib, mutaxassisga uchrashib, yuqoridagi holatni aytishgan. Bank mutaxassisi plastik kartaning kirim-chiqim tarixini tekshirib, bankomatdan 250 000 so‘m pul olinganligini va ularga bu masalada yordam berolmasligini aytadi. Shundan so‘ng iste’molchi ushbu masalada yordam so‘rab Uchko‘prik tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.

Tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida murojaat yuzasidan to‘plangan materiallar (to‘lov cheki, bankomatga o‘rnatilgan video kamera yozuvi nusxalari) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Farg‘ona viloyati bosh boshqarmasiga yuborildi. U yerdagilar tomonidan esa holat tzekorlik bilan o‘rganib chiqilib, fuqaroning 250 000 so‘m puli plastik kartasi raqamiga qaytarib tushirib berildi.

Nargizaxon Sheralieva
Uchko‘prik tumani IHHQ jamiyati mutaxassisi