Bozorlarda sotilayotgan mahsulotlar amaldagi me’yorlar talabiga javob beradimi?

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi topshirig‘iga asosan Farg‘ona shahar “Markaziy dehqon bozori” AJ qoshida veterinariya sanitariya ekspertiza (VSE) laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, laboratoriyaning moddiy-texnik ta’minlanganligi, uning tomonidan bozor hududida sotilayotgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut mahsulotlari, baliq mahsulotlari, meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlarini sotishga tegishli ruxsatnomalar berilishi holatlari jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganishdan o‘tkazildi.
O‘rganishni dastlab laboratoriya faoliyati bilan tanishishdan boshladik. Bu yerda bizni e’tiborimizni tortgan birinchi holat, bugungi kunda jami 4 nafar xodim mehnat faoliyati olib borayotgan mazkur VSE laboratoriyasiga kirish joyida iste’molchilarga ko‘rinarli joyda tashkilot nomi, uning joylashgan (yuridik) manzili, ish tartibini ko‘rsatuvchi peshlavha qo‘yilmaganligi bo‘ldi. Shuningdek, laboratoriya faoliyat yuritishi uchun Davlat standarti tomonidan 2018 yilning 19 oktyabr kunida berilgan va amal qilish qilish muddati bir yil bo‘lgan 53-sonli attestasiya xulosasining muddati tugagan. Laboratoriya joylashgan joy SanPin talablariga javob bermaydi, sababi ichimlik va oqava suv tarmog‘iga ulanmagan. Laboratoriyada mavjud ayrim texnik uskunalarning davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tganligini tasdiqlovchi sertifikatlarning muddati o‘tgan. Bularga elektron tarozi (muddati shu yilning 28 fevralida tugagan), Laktan 1-4 M uskunasi, SEOKS moslamasi va suyuqlik analizatori moslamalarini (muddati joriy yil 10 mart kuni o‘tib bo‘lgan) misol qilib keltirish mumkin.
O‘rganish kunida laboratoriya tomonidan 193 nafar sotuvchilarga, jumladan 11 nafar sut mahsulotlari, 12 nafar go‘sht mahsulotlari, 10 nafar tovuq go‘shti mahsulotlari, 2 nafar poliz ekinlaridan tayyorlangan salatlar, 19 nafar tuxum, 38 nafar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, 25 nafar poliz mahsulotlari, 1 nafar qo‘ziqorin, 4 nafar asal savdosi, 70 nafar meva mahsulotlari, 1 nafar baliq savdosini amalga oshirayotgan sotuvchilarga bozor hududida savdo qilish uchun ruxsat berilgan.
Laboratoriyaning sotuvchilarni mahsulotlarini tekshirib, sotish uchun ruxsat berishi bepul amalga oshiriladi.
O‘rganish kunida bozor hududida savdo faoliyatini amalga oshirayotgan aksariyat sotuvchilar karantin talablariga amal qilmasdan, tibbiy niqob va qo‘lqopsiz faoliyat olib borayotganliklari kuzatildi.
O‘rganish ishlari doirasida tomonlarga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari ham o‘tkazildi.
Baxodirxon Usmonov
Farg‘ona shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi