Jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘RQ-474-sonli Qonuni asosida jamoatchilik eshituvi tashkillandi.

Sir emas, aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblar borasida amalga oshirilayotgan ishlar jarayonida erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda, aholi (iste’molchilar)ga tovarlar sotib olingach (xizmatlardan foydalangach) naqd pulli hisob-kitoblarni amalga oshirish jarayonida naqd pulda qaytim berish o‘rniga turli tovarlar (saqich, konfet, gugurt, qurut, tabletka va boshqalar)ni tiqishtirilishi ommaviy tus olgan va bu aholining haqli e’tirozlarini keltirib chiqarmoqda. Shu nuqtai nazardan, tizim tashkilotlari tomonidan bu borada aholining fikrlari o‘rganilgan, savdo va xizmat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilgan, muammoning kelib chiqish sabablari bo‘yicha turli o‘rganish va tadqiqotlar o‘tkazib kelinayotgan edi. Shuning bilan birgalikda, yuqoridagi Qonunning 10-moddasi tartibida Markaziy viloyat bosh boshqarmasi mas’ullarining tijorat banklari tomonidan sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)larni qaytim uchun mayda pul bilan ta’minlash tartiblari bo‘yicha Jamoatchilik eshituvini o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.
E’tirof etish kerakki, qonunda jamoatchilik eshituvi o‘tkazishning tegishli normalari belgilab berilgan bo‘lsada, bunday tadbirni nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan tashkillanishi birinchi marotaba bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirda dastlab hududiy birlashma mas’ullari tomonidan aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblar jarayonida xaridor (iste’molchi)ga naqd pulda qaytim bermaslik yoki uni turli tovarlar (saqich, konfet, gugurt, qurut, tabletka va boshqalar) ko‘rinishida qaytarish iste’molchi hohish irodasidan tashqari holatlarda sodir etilganda amaldagi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan qonunbuzilishi kelib chiqishiga sabab bo‘lishi aytib o‘tildi. Ushbu qonunning 21-moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Shu sababli, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari sotuvchilari (xizmat ko‘rsatuvchilar) oldi-sotdi amalga oshirilgach (xizmatlar ko‘rsatilgach), qaytim qaytarish zarurati yuzaga kelganda, hech qanday istisnolarsiz va savol-so‘roqlarsiz xaridorga 50 so‘mdan 1000 so‘mgacha bo‘lgan qaytimni naqd pulda qaytarishlari lozim.
Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mas’ullari tomonidan kun tartibining asosiy mavzusidagi ma’ruza – «Tijorat banklari tomonidan sotuvchi (xizmat ko‘rsatuvchi)larni qaytim uchun mayda pul bilan ta’minlash tartiblari va ushbu jarayonda yuzaga kelayotgan muammolar» masalasi bo‘yicha eshituv doirasida ta’kidlandiki, banklarda bugungi kun talabini qondira oladigan miqdor va hajmlarda mayda pul zaxirasi mavjud. Mazkur mayda pullarni (50 so‘mdan 500 so‘mgacha bo‘lgan tanga pullarni) olish uchun aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblarni olib boruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan bankka murojaat qilish talab qilinadi, xolos. Lekin ko‘p hollarda ana shu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan mazkur masalada tijorat banklariga murojaatlar qilinmayapti.
Kun tartibidagi masala eshitilgach, tadbir tashabbuskorlari va bank muassasalari mas’ullari tomonidan tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javobalar qaytarildi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati