Tomga qoqilgan shiferlar hech qancha o‘tmay yorilib ketdi

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining respublika bo‘yicha yagona 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga Toshloq tuman Suvboshi mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M. Mirzoabdullaevdan murojaat tushgan.

Murojaatchining aytishiga qaraganda, u joriy yilning may oyida qurayotgan imorati tomoni yopish uchun Marg‘ilon shahridagi qurilish mollari bozoridan jami 6 million 200 ming so‘mga, har bir donasi 41333 so‘mdan 150 ta shifer sotib olgan. Ammo shiferlarning 60 tasi tomga o‘rnatilgandan hech qancha vaqt o‘tmay yorilib ketgan. Iste’molchi bu haqda sotuvchiga qayta-qayta murojaat qilishiga qaramay, hech qanday natijaga erisha olmagan. Shundan so‘ng u federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Federatsiyaning Toshloq tuman jamiyati mutaxassislari yuzaga kelgan nizoli holatga yechim topish uchun xaridor va savdo do‘koni egasi bilan suhbatlashib, ularga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari bo‘yicha tushuntirishlar berdilar. Yakunda sotuvchi ushbu holatda qonun iste’molchi tarafida ekanligini tan olib, uning qonuniy murojaatini qondirishga majbur bo‘ldi. Shu kunning o‘zida 60 ta yorilgan shiferlar o‘rniga yangilari olib kelib berildi. Natijada fuqaroning 2 mln 479 ming 980 so‘mlik iste’molchilik huquqlari tiklab berilishiga erishildi.

Husnidaxon Yakubova
Toshloq tuman IHHQ jamiyati mutaxassisi