Hududiy birlashmaning navbatdagi Konferensiyasi bo`lib o`tdi

2021 yilning 14 oktyabr’ kunida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasining navbatdagi konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiya ishida Federatsiyaning tuman va shahar jamiyatlari umumiy yig‘ilishlarida saylangan vakillar, Federatsiya faollari hamda hududiy birlashma ijro etuvchi apparati mas’ullari ishtirok etdilar.

Konferensiya kun tartibida 5 ta asosiy masalalar ko‘rib chiqildi. Kun tartibining asosiy masalalaridan biri bo‘lgan “Hududiy birlashma tomonidan 2016-2020 yillar va 2021 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida” hududiy birlashma raisi Axrorjon Raxmonaliev hisobot berdi.

Ta’kidlandiki, hududiy birlashma 2003 yilning 8 yanvar’ kunidagi ta’sischilar umumiy yig‘ilishi qarori bilan tashkil etilgan etilgan bo‘lib, uning tarkibida 19 ta jamiyatlar, xususan 4 ta shahar va 15 ta tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Bugungi kunda viloyatda Federatsiyaning 103 327 ta a’zolari mavjud bo‘lib, ular jami 302 ta tayanch guruhlariga (boshlang‘ich tashkilotlarga) birlashgan.

Hisobot davrida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi amaldagi qonun va qonunosti me’yoriy hujjatlarini keng targ‘ib qilish maqsadida jami 7835 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, shularning 3243 tasi targ‘ibot tadbirlari, 2156 tasi bosma ommaviy axborot vositalari, ya’ni gazeta va jurnallardagi chiqishlar, 2436 tasi elektron ommaviy axborot vositalari chiqishlardan iborat bo‘ldi.

O‘tgan davr ichida hududiy birlashma tomonidan o‘quvchi yoshlar ishtirokida “Men yosh iste’molchiman”, “Huquq va burch” ko‘rik tanlovlari, “Breyn-ring” intellektual o‘yinlari, Federatsiya tayanch guruhlari o‘rtasida “Eng faol tayanch guruhi” ko‘rik-tanlovi, mahalla fuqarolar yig‘ining tegishli komissiyasi ishtirokida “Fuqarolar yig‘inining jamoatchilik nazorati va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha eng namunali komissiyasi” ko‘rik-tanlovi, Federatsiya raisi ishtirokida vodiyning 3 ta viloyatidagi tizim yoshlari uchun “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi, Federatsiya tizimida mehnat foaliyati olib borayotgan yoshlar uchun “Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlarimiz” shiori ostida yoshlar Forumlari o‘tkazildi.

Federatsiya tashabbusi bilan tashkillangan «Obod xonadon – yurt ko‘rki», «Ijtimoiy ko‘mak» aksiyalari bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarning Farg‘ona viloyatidagi ijrosi to‘liq ta’minlandi.

Federatsiya tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi PQ-3271-sonli qarori hamda «Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha beshta muhim tashabbus»lari asosida «Iste’molchilar kutubxonasi» loyihasi ishlab chiqilgandi. Ana shu loyiha asosidagi respublikadagi birinchi kutubxona Oltiariq tumanida bunyod etildi. Shundan so‘ng, «Iste’molchilar uyi» loyihasi ham ishlab chiqilib, birinchi «Iste’molchilar uyi» ham aynan Farg‘ona viloyatida – Rishton tumanida bunyod qilinib, ishga tushirildi. Bugungi kunga kelib Bag‘dod va Farg‘ona tumanlari, Farg‘ona shahri hamda Qo‘shtepa tumanlarida ham ushbu loyihalar to‘liq amalga oshirildi. Hozirda Dang‘ara va Yozyovon tumanlarida bu boradagi ishlar tizimli asosda davom ettirilmoqda.

Federatsiya tizimida respublika bo‘yicha 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoni tashkil qilingan bo‘lib, haftaning ish kunlari davomida soat 09-00 dan 18-00 ga qadar fuqarolarning sohaga oid muammolari qayd qilib borilmoqda. Shuningdek, Federatsiyaning istemol.uz rasmiy saytida vertual qabulxona ham tashkil qilingan, iste’molchilar bu manzilga o‘zlarining elektron murojaatlarini yo‘llashlari mumkin. Iste’molchilar bilan sutka davomida muntazam aloqani yo‘lga qo‘yish, ularning murojaatlarini qabul qilib borish maqsadida telegram ijtimoiy tarmog‘ida PotrbitelUz_bot boti ishlab turibdi.

Shuning bilan birgalikda iste’molchilar bilan doimiy aloqani ta’minlash, ularga huquqiy maslahatlar berish maqsadida hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlarida «Xizmat telefon»larining doimiy ishlab turishi ta’minlanib, nazorati olib borilmoqda.

2016-2020 yillar va 2021 yilning o‘tgan 9 oyi davomida hududiy birlashma va tuman (shahar) jamiyatlariga 4974 ta murojaatlar kelib tushdi. Ularni o‘rganib chiqilishi yakunlari bilan iste’molchilar foydasiga jami 3 mlrd 631 mln 700 ming so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilib berildi. Shulardan 101 ta murojaatda ko‘tarilgan masalalar nazorat qiluvchi organlar, 30 tasida ko‘tarilgan masalalar esa sud idoralari yordamida hal qilindi. Natijada mos ravishda 77,2 mln so‘m va 285,8 mln so‘mlik mablag‘lar mazkur idoralar amaliy ko‘magi bilan iste’molchilar foydasiga hal qilindi. Jami kelib tushgan murojaatlarning 3009 tasi yozma, 1742 tasi og‘zaki va 223 tasi elektron shakldagi murojaatlardan iborat bo‘ldi.

Federatsiya tizimida tashkil qilingan “Iste’molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari orqali 3280 nafar fuqarolarga bepul huquqiy maslahat va amaliy huquqiy yordamlar ko‘rsatildi. 4209 nafar fuqarolarga esa Federatsiya tizimida tashkil qilingan rahbarlarning aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlari vositasida amaliy yordamlar berildi.

Ichki bozorda sotilayotgan iste’mol tovarlarining zarur sifatini va xavfsizligini, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining boshqa talablarini ta’minlash bo‘yicha Federatsiyaning alohida buyruqlari va hududiy birlashma tashabbusi bilan jamoatchilik nazorati tartibida jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib borildi. Hozirda bu ishlar tizimli asosda davom ettirib borilmoqda.
Kun tartibidagi yana bir masala – O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining yangi tahrirdagi Ustavi loyihasi muhokamasida Konferensiya ishtirokchilari loyiha bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini va takliflarini bildirib o‘tdilar.

Shuningdek Konferensiya doirasida viloyat hududiy birlashma Kengashi tarkibiy miqdorini tasdiqlandi va hududiy birlashma rahbar organlarini saylab olindi, hududiy birlashmaning faoliyatini 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlandi hamda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining navbatdagi Konferensiyasiga vakillar saylab olindi.

Hududiy birlashma Axborot xizmati