Qashqadaryolik iste’molchining huquqlari tiklab berildi

Keyingi vaqtlarda aholi vakillari tomonidan sotib olingan shifer tomga yopilgach, darz ketish va boshqa shu kabi nuqsonlar yuzaga kelayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlar ko‘p uchramoqda. Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida istiqomat qiluvchi A.Gulbaev ham xuddi shunday holatga duch kelgan.

Uning Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli yagona ishonch telefoniga qilgan murojaatida bildirilishicha, Qarshi shahridagi Osiyo bozoridan 220 dona shiferni har bir donasini 45000 so‘mdan, jami 9 mln 900 ming so‘mga sotib olgan. Lekin shiferlarni tomga qoqilgach, ulardan 66 donasi darz ketgan.

Murojaatni o‘rganish davomida mazkur tom yopish materiali “Quvasoyshifer xrizotil” MChJ QKda ishlab chiqarilganligi sababli, murojaatni hududiy tegishliligi bo‘yicha o‘rganib chiqqan Quvasoy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati yuzaga kelgan holatda iste’molchining huquqlarini ko‘rsatib o‘tilgan holda, korxonaga yozma ravishda murojaat qildi. Korxonadan 10.05.2022 yil sanasi bilan olingan 50-sonli javob xatida esa, iste’molchining murojaati o‘rganilib, qanoatlantirilganligi hamda u bilan telefonda muloqot vositasida 90 dona shiferlarni boshqasiga almashtirib berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilganligi ma’lum qilindi.

Shundan so‘ng fuqaro A.Gulboevdan hududiy birlashma rahbari nomiga rahmatnoma ham yetib keldi. Murojaatni o‘rganib chiqilib, iste’molchi foydasiga hal qilinishi natijasi bilan, uning huquqlari himoya qilinib, unga 4 mln 50 ming so‘mlik zarar yetkazilishini oldi olindi.

Faxriddin Boynazarov
Hududiy birlashma sektor boshlig‘i