To‘lovlarni amalga oshirish jarayonida hushyorlikni unutmang

Bag‘dod tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi K.Yu.ning iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun qilgan to‘lovi korxonadagi shaxsiy hisob raqamiga kelib tushmaganligi masalasidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi murojaatida xonadonida eski rusumdagi elektr hisoblagichdan foydalanishlari sababli, energiyadan oldindan to‘lov tizimida emas, balki eski tizimda, ya’ni to‘lovni energiya iste’molidan so‘ng, hisoblagich ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshirib borilishini, xonadoniga tashrif buyurgan elektr ta’minoti korxonasi xodimi xonadonning 500 000 so‘m miqdorida qarzdorligi mavjudligini aytganida, pul summasini uning nomidan kassaga to‘lanib, mablag‘ni shaxsiy hisob raqamiga tushirib qo‘yilishi sharti bilan korxona mas’ul xodimiga berganligini, lekin ushbu summani shaxsiy hisob raqamiga kelib tushganligidan xabari yo‘qligini ma’lum qiladi.

Garchi o‘rganish ishlari davomida iste’molchi tomonidan berilgan pul summasi undan olingan kuni emas, balki baza ishlamaganligi sababi bilan keyinroq tegishli hisob raqamiga tushirib qo‘yilgan, o‘rganish yakunlari bilan iste’molchiga uning tomonidan berib yuborilgan pul mablag‘i to‘lig‘icha tegishli hisob raqamiga kelib tushganligi to‘g‘risida rasmiy javob xati berilgan bo‘lsada, iste’molchilardan har qanday to‘lovlarni amalga oshirishda yoki to‘lovni amalga oshirib qo‘yish topshirig‘i bilan o‘zga shaxsning qo‘liga berishda ehtiyotkorlik choralarini unutmaslikni, eng yaxshisi, iste’mol qilingan elektr, gaz, suv ta’minoti va boshqa shu kabi to‘lovlarni bank kassalariga, maxsus kassalarga yoki elektron to‘lov dasturlari orqali amalga oshirishni tavsiya qilib qolamiz.

Dilorom Mirzayeva,
tuman jamiyati mutaxassisi.