Iste’molda bo‘lganligi gumon qilingan telefon sotuvchiga qaytarildi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Istiqlol» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Yo.I.ning yangi xarid qilingan mobil qurilma va uning qutisidagi ma’lumotlar farq qilayotganligi, sotuvchiga ushbu holat bo‘yicha qonuniy talabini qo‘ygan bo‘lsada, bu talabi bajarilmayotganligi to‘g‘risida Federatsiyaning 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga qilgan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchining ma’lum qilishicha, u «Alif nasiya» onlayn savdo platformasi orqali Infinix Zero 30 rusumli smartfonni, narxini bir yil davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan, 4 529 000 so‘mga xarid qilgan. Tovarni olib undan foydalanish jarayonida mobil qurilmadagi va uning qutisidagi ma’lumotlar (seriya nomerlar va b.) farq qilishini ko‘rib qolib, telefon yangi emas, balki iste’molda bo‘lgan deb shubhaga borgan, bu haqda sotuvchiga murojaat qilgan lekin bu bilan biror ijobiy natijaga erisha olmagan.

Marg‘ilon shahar jamiyati mutaxassilari tomonidan murojaat o‘rganilishi jarayonida sotuvchining mas’ul shaxslari bilan bog‘lanilib, ularga yuzaga kelgan holat, ushbu holatda iste’molchi huquqlari bo‘yicha tushuntirishlar berilgach, yangi deb sotilgan bo‘lsada iste’molda bo‘lgani gumon qilingan mobil qurilma sotuvchiga, shartnoma asosida sotuvchiga to‘langan 377 484 so‘m to‘lov esa iste’molchining bank plastik kartasiga qaytarildi.

Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati mutaxassisi.