Maqbul sifatda bo‘lmagan toy paxtalar almashtirildi

Yozyovon tuman «Bahor» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro Q. V. «Xonobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan paxta titish sexi sotuvchisining hatti-xarakatidan norozi bo‘lib, tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.

Iste’molchi so‘zlariga ko‘ra, u yakka tartibdagi tadbirkor A.S.ga qarashli do‘kondan har biri 20 kg dan bo‘lgan 8  toy paxtani jami 1 360 000 so‘mga sotib oladi. Lekin mahsulot nam joyda saqlanganligi sababmi, zax hidli bo‘lib, sifati buzilganligi ma’lum bo‘ladi. Iste’molchining sifati talab darajasida bo‘lmagan mahsulotni sifatlisiga almashtirib berilishi bo‘yicha sotuvchiga qo‘yilgan talabi esa bajarilmagan.

Ushbu murojaatni o‘rganish jarayonida tadbirkor bilan bilan uchrashilib, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga hamda jismoniy shaxslarning murojaatlariga oid qonunchilik talablari, yuzaga kelgan holatda tomonlarning huquq va majburiyatlari yuzasidan tushuntirishlar berildi. Tushuntirishlar esa besamar ketmadi, iste’molchi tomonidan xarid qilingan toy paxta mahsuloti maqbul sifatdagisiga almashtirildi. Tuman jamiyatiga qilgan murojaati ijobiy hal etilganidan xursand bo‘lgan iste’molchi jamiyat xodimlariga minnatdorchiligini bildirdi.

Shavkatjon Saidov,
tuman jamiyati mutaxassisi.

(illyustrativ foto)