Chegirma bergan sotuvchi oylik to‘lov undirishda buni esdan chiqarib qo‘ydimi?

Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Qashqar» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi M.N.ning muddatli to‘lov asosida xarid qilingan mahsulotlar uchun grafik asosidagi to‘lovdan ortiqcha pul undirilishi holati yuzasidan murojaati o‘rganildi.

Iste’molchiga ko‘ra, u tumanning Rapqon qishlog‘ida joylashgan savdo do‘konida tovarlarni muddatli to‘lovga xarid qilishda oylik aksiya ketayotganligi, ayrim tovarlar uchun chegirma belgilanganligini eshitib, o‘z ehtiyoji uchun umumiy summasi 10 411 800 so‘m bo‘lgan muzlatgich va mebel jamlanmasini chegirma asosida 7 035 000 so‘mga yoki oyiga 586 250 so‘mdan to‘lab borish sharti bilan xarid qiladi. Biroq navbatdagi oylik to‘lovni amalga oshirish uchun kelganida undan oylik to‘lov uchun 870 000 so‘m olishadi.

Tuman jamiyati xodimlari tomonidan murojaatni o‘rganish jarayonida iste’molchi tomonidan keltirilgan vajlarning asosli ekanligi, sotuvchi vakili oylik to‘lov summasini hisoblab chiqarishda texnik xatolikka yo‘l qo‘ygani, oylik to‘lov summasi chegirmani inobatga olmasdan hisoblab yuborilganligi ma’lum bo‘ldi. Iste’molchi ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida sotuvchi iste’molchidan uzr so‘rab, ushbu jarayondagi tomonlarning kelishuviga ko‘ra, oshiqcha olingan 283 750 so‘m mablag‘ navbatdagi oylik to‘lovga qo‘shgan holda qayta hisob-kitob qilinadigan bo‘ldi.

Baxtiyor Jo‘rayev,
tuman jamiyati mutaxassisi.