Taraflarga berilgan tushuntirishlar asosida shartnoma bekor qilindi

Toshloq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida «Ucholish» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sh.S. ning muddatli to‘lov shartlarida sotib olingan telefon apparatida nuqson aniqlanganligi sababli sotuvchi bilan tuzilgan oldi-sotdi shartnomasini bekor qilinishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab qilgan murojaati o‘rganib chiqildi .

Murojaatchiga ko‘ra, u shu yilning mart oyi o‘rtalarida tumanda joylashgan kredit savdo do‘konidan shartnoma narxi 2 552 225 so‘m bo‘lgan “Redmi 13-S” markali qo‘l telefonini qiymatini bo‘lib to‘lash sharti bilan xarid qilgan. Lekin undan besh kun davomida foydalanishi chog‘ida telefonda nuqson kuzatilgan. Shundan so‘ng do‘konga kelib nuqsonli tovarni almashtirishlarini, aks holda o‘rtadagi oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishlarini so‘ragan. Savdo do‘koni mas’ullari tovarni almashtirilishi yoki shartnoma bekor qilinishi servis kompaniyasining xulosasi asosida amalga oshirilishini unga tushuntirganlar. Lekin iste’molchi ularning ushbu takliflariga ko‘nmasdan nuqsonli tovarni sotuvchi qo‘liga topshirib, ushbu muammoni qonuniy hal etilishida amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Murojaat savdo do‘koni mas’ullari bilan o‘rganilishi jarayonida tomonlarga amaldagi qonunchilik talablari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Xususan, shartnoma taraflariga amaldagi qonunchilik bo‘yicha tovarda kafolat muddati mobaynida aniqlangan nuqsonlarni bepul bartaraf etish, nuqsonli tovarni almashtirish yuzasidan talablar hamda shartnomani bekor qilishga olib keluvchi holatlar borasida berilgan tushuntirishlar natijasida iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinishiga erishildi.

Shohistaxon Rahimova,
tuman jamiyati mutaxassisi.