Tilla buyumlar almashtiriladimi?

Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan xarid qilingan tovarda nuqson aniqlanishi, iste’molchida uni almashtirib olish huquqini vujudga keltiradi. Lekin iste’molchida nafaqat nuqsonli tovarni, balki maqbul sifatdagi nooziq-ovqat tovarini almashtirib olish huquqi ham mavjud. Uning ushbu huquqi tovar xarid qilingan kundan e’tiboran 10 kun ichida amalda bo‘ladi. Maqbul sifatdagi tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga uning o‘lchami, shakli, fasoni yoki rangidagi biror iste’mol xususiyatining mos kelmaganligi asos bo‘lishi mumkin. Aytaylik, xarid qilingan maqbul sifatdagi tuflining o‘lchami Sizga biroz mos kelmadi.

Biroq, shunday nooziq-ovqat tovarlari ham borki, maqbul sifatda bo‘lgan bunday tovarlarni iste’molchi almashtirib olomaydi. Bunday tovarlarning ro‘yxati «O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalari»ning 1-ilovasida keltirilib, ushbu ro‘yxat «Zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlari ro‘yxati» deb nomlanadi. Tilla buyumlar ham ana shu ro‘yxatga kiritilgan bo‘lib, 9-banddan o‘rin olgan. Bundan kelib chiqadiki, xaridor bu kabi tovarlarni sotib olayotganida biror iste’mol xususiyati mos kelmasa almashtirib olaveramanda, deb xotirjamlikka berilmaslik kerak. Sotuvchilar ham o‘z navbatida iste’molchini shunday xususiyatga bo‘lgan tovar xarid qilayotganliklari haqida ogohlantirishlari shart. Aks holda, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarda iste’molchi o‘ziga yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli zarar yetkazilganligini da’vo qilishi va uning ushbu talablari, qonunchilikdagi, sotib olingan tovarning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas degan taxminga asoslanib ko‘rib chiqilishi hamda sotuvchi ushbu holatda yutqazib qo‘yishi mumkin.
Quvasoy shahrida yashovchi B.S.ning shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaati aynan ana shu normalardan kelib chiqqan holda ijobiy yechim topdi. Iste’molchi Farg‘ona shahridagi bozordan yangi kelini uchun 2 800 000 so‘mga tilla uzuk xarid qiladi, lekin olib borib ko‘rilganda uzukning o‘lchami kelinning barmog‘iga mos kelmaydi. Sotuvchi uzukni o‘lchami mos keladiganiga almashtirib berilishi masalasida iste’molchining o‘zi murojaat qilgan vaqtda rad javobini bergan bo‘lsada, Quvasoy shahar jamiyati mutaxassislari aralashuvi va qonunning yuqoridagi talablari tushuntirilishi bilan ushbu masalani iste’molchi foydasiga hal qilinishiga erishildi.

Farxodjon Xaydarov,
shahar jamiyati raisi.