Iste’molchini bir oy sarson qilgan masala bir kunda hal bo‘ldi

Iste’molchini bir oy sarson qilgan masala bir kunda hal bo‘ldi

Quva tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida tumanning «Qayrima» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi O.A.ning xarid qilingan suv isitgichni nuqsonli chiqqanligi va sotuvchi uni almashtirishdan bo‘yin tovlayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Iste’molchi o‘z murojaatida ma’lum qilishicha, shu yilning iyun oyi oxirlarida tuman markazidagi «Dom stroy» savdo do‘konidan 30 litr sig‘imli Royal savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan elektr suv isitgichni 1 000 000 so‘mga xarid qilgan. Xonadonga keltirilib foydalanish chog‘ida maishiy texnikada nuqsonlar kuzatilgan. Iste’molchi bu haqda sotuvchiga murojaat qilib, o‘z e’tirozlarini bildirgan holda, nuqsonli tovarni maqbul sifatdagisiga almashtirish talabini qo‘ygan bo‘lsada, uning bu boradagi sa’y-harakatlaridan natija chiqmagan.

Tuman jamiyati xodimlari iste’molchi murojaatini o‘rganish ishlariga savdo do‘koni rahbari X.R.ni jalb qilgan holda, iste’molchi xonadoniga borib joyida murojaatda keltirilgan vajlarni o‘rganib chiqdilar. O‘rganish ishlari suv isitgichda haqiqatda ham nuqson mavjudligini, iste’molchining bu borada keltirgan vajlari asosli ekanligini ko‘rsatdi. Shu asoslarga ko‘ra, shu kunning o‘zida nuqsonli elektr suv isitgich xuddi shu rusumdagi maqbul sifatdagisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.

Feruzaxon Umurzaqova,
tuman jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)

Post Comment