Iste’molchining pulini qaytarish ishlarini paysalga solish holati bartaraf qilindi

Iste’molchining pulini qaytarish ishlarini paysalga solish holati bartaraf qilindi

Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatida Farg‘ona shahar Feruz ko‘chasida yashovchi fuqaro D. M.ning buyurtmani talab darajasida bajarilmagani sababli sotuvchiga qo‘ygan talabi ijrosi paysalga solib kelinayotganligi xususidagi murojaati o‘rganildi.

Fuqaroni ma’lum qilishicha, uning tomonidan «Qumtepa buyum bozori»da joylashgan savdo do‘koniga 4 240 000 so‘m pulni oldindan to‘lash yo‘li bilan buyurtma qilingan gilam sotuvchi vakili tomonidan xonadoniga keyinchalik yetkazib berilganida, gilamning o‘zi tanlab, buyurtma qilgan rang, fason va sifatdagidan farq qilishini ko‘rib, o‘sha vaqtni o‘zida tovarni sotuvchiga qaytarib yuborgan. Sotuvchi bilan bog‘lanib, o‘z e’tirozlarini bildirganida esa, undan u tanlab buyurtma bergan rang va fasondagi gilamdan tugab qolgani to‘g‘risida javob olgan. Iste’molchining ushbu holda pulini qaytarilishi bo‘yicha talabiga esa, qachonki gilam boshqa xaridorga sotilsagina pul unga qaytarilishi ma’lum qilingan.

Yuzaga kelgan holatda iste’molchi oldi-sotdi jarayonida tovarning pulini to‘lab, «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun 8-moddasida ko‘rsatib o‘tilgan majburiyatini ado etgan. Lekin sotuvchi tomonidan mazkur modda bo‘yicha ungi yuklatilgan majburiyat, ya’ni iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyati to‘laqonli ado etilmagan. Shuningdek, sotuvchi iste’molchining qonun 13-moddasidagi normalardan kelib chiqib, o‘ziga sotilgan nuqsonli tovar (shartnoma shartlariga nomuvofiq bo‘lgan tovar)ni qaytargani holatida qonunning 16-moddasi bilan unga nisbatan yuzaga keladigan majburiyat (shartnoma bekor qilinishi ortidan pulni qaytarish)ni bajarishni ham paysalga solib kelgan.

Qonunchilikning yuqoridagi talablari murojaatni jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganish davomida yuzma-yuz uchrashuv jarayonida sotuvchiga tushuntirildi. Shuningdek unga Qonun talablarini bajarmaslik oqibatida kelib chiquvchi huquqiy oqibatlar bo‘yicha ham tushunchalar berildi. O‘rganish ishlari yakuni bilan esa sotuvchidan iste’molchining 4 240 000 so‘m puli qaytarib olib berildi. O‘zini bir necha kun davomida qiynab kelgan muammo tez va samarali hal qilib berilganidan xursand bo‘lgan iste’molchi Federatsiyaning barcha jonkuyar xodimlariga yozma ravishda o‘z tashakkurini izxor qildi.

Muhammadaziz Isaqov,
shahar jamiyati bosh mutaxassisi.
(illyustrativ foto)

Post Comment