Iste’molchi tanloviga mos kelmagan mobil qurilma sotuvchiga qaytarildi

Iste’molchi tanloviga mos kelmagan mobil qurilma sotuvchiga qaytarildi

Iste’molchining asosiy huquqlaridan biri tovarni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishini talab qilish huquqidir. Namuna asosida buyurtma qilingan yoki tovarlar namunalari ichidan ma’qulini tanlab olinadigan onlayn savdo vositasida xarid qilingan va yetkazib berilgan tovarning iste’mol (o‘lcham, rang, sifat va boshqa) xususiyatlari iste’molchi tomonidan tanlangan namunadagi tovar iste’mol xususiyatlari bilan bir xil bo‘lishi talab qilinadi. Aks holda iste’molchi mazkur tovarni sotuvchiga qaytarish huquqiga ega bo‘ladi.

Uchko‘prik tumanilik E.D. ham onlayn savdo platformasida joylashtirilgan tovarlar ichidan o‘ziga ma’qul kelgan mobil qurilmani tanlab olib, shartnomani platforma orqali elektron shaklda rasmiylashtirgan. Lekin unga yetkazib berilgan tovar uning tomonidan amalga oshirilgan tanlovga mos kelmaganligi sababli uni o‘z kuchi bilan sotuvchiga qaytarishga uringan, biroq bundan natija chiqara olmagach, bu borada amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘rab tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan.

Tuman jamiyati tomonidan mazkur murojaatda keltirilgan vajlarga aniqlik kiritib olingach, sotuvchiga ushbu masalada so‘rov xati kiritildi. Sotuvchi tomoni esa, o‘z navbatida, iste’molchi tanloviga mos kelmagan mobil qurilmani qaytarib olib, iste’molchi bilan bu borada tuzilgan shartnomani bekor qilish yo‘lini tutdi.

Sardor Mirzajonov,
jamiyat raisi.

Отправить комментарий