“Sirli mijoz” tadbiri qanday tadbir?
“Sirli mijoz” tadbiri dori vositalarini va tibbiy buyumlarni dorixonalar tomonidan chakana realizasiya qilish tartibiga amal qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, ya’ni tibbiy diagnostika, muolaja, dori buyurish faoliyatini nazorat qilishni ko‘zda tutadi hamda Vazirlar Mahkamasining 22.10.2025 yildagi “Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 667-sonli qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayinlash, realizasiya qilish hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish foaliyatini nazorat qilishda “sirli mijoz” tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizom” asosida o‘tkaziladi.
Mazkur tadbirni o‘tkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan kelib tushgan ma’lumotlar, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganish davomida ma’lumotlarga aniqlik kiritish zarurati tug‘ilishi, jamoatchilik fikrini o‘rganish davomida tibbiyot tashkilotida belgilangan talablar buzilish holatlari kuzatilishi kabi holatlar asos bo‘lib xizmat qiladi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari mazkur tadbirni Raqobat qo‘mitasi bilan kelishgan va tasdiqlangan reja asosida o‘tkazadilar. Tadbir natijasida huquqbuzarlik holatlari aniqlanganda nazorat qiluvchi davlat organi va tashkilotlariga ma’lumot kiritiladi.
Tadbir audio yoki videokuzatuv moslamalaridan foydalangan holda o‘tkaziladi hamda ma’lumotlar vakolatli organga topshiriladi va bu ma’lumotlardan boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas.
Tadbirni o‘tkazishda dorixona xodimi yoki shifokorni noqonuniy harakatlar sodir etishga undash, bahsli holatlarni sun’iy keltirib chiqarish kabi harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi, tadbir o‘tkazilayotgan tashkilot faoliyatiga, shu jumladan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashilmaydi, ortiqcha hujjatlar so‘ralmaydi, shuning bilan birgalikda tadbir o‘tkaziladigan sub’ektni oldindan xabardor qilinmaydi.
Nizomda, jinoyat alomatlari bo‘lgan holatlarni istisno qilgan holda, qonunchilik talablarini birinchi marta buzgan cub’ektlarga tushuntirish va yordam choralari ko‘rilishi, takroriy hollarda esa tekshiruv o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.



Отправить комментарий