Yangi tahrirdagi Konstitusiya: inson sha’ni va huquqlarini yuksaltiruvchi mustahkam poydevor

Yangi tahrirdagi Konstitusiya: inson sha’ni va huquqlarini yuksaltiruvchi mustahkam poydevor

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida qabul qilingan Konstitusiyaning yangi tahriri mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar sari dadil qadam tashlanganini yaqqol namoyon etadi. Prezident Shavkat Mirziyoev 2023-yil 16-noyabr kuni imzolagan farmoyishda qayd etilganidek, yangilangan Bosh qomus davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, sud-huquq sohasi va fuqarolik jamiyati rivoji uchun mustahkam huquqiy zamin yaratdi.

2023-yil 30-aprel referendumida fuqarolarning 90 foizdan ortig‘i yangi tahrirdagi Konstitusiyani qo‘llab-quvvatlashi esa xalqimizning ishonchi va yangilanayotgan davlat siyosatiga bo‘lgan munosabatini yaqqol ko‘rsatdi. Asosiy Qonun endilikda xalqimizning orzu-umidlari, demokratik rivojlanish istaklari va inson qadrini ustuvor qo‘yish g‘oyalarining huquqiy ifodasiga aylandi.
1992-yilda Konstitusiya parlament tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, yangi tahrirning xalq tomonidan bevosita referendum orqali qabul qilinishi uning chinakam muallifi xalq ekanini tasdiqlaydi. 7-moddaning birinchi bandida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai” ekani mustahkamlandi.

Bu norma davlat organlarining faoliyati xalqqa xizmat qilish tamoyiliga asoslanishini, qarorlar esa fuqarolar ishtirokida va jamoatchilik nazorati ostida qabul qilinishini talab etadi. Mamlakatda ochiqlik, hisobdorlik, so‘z erkinligi, siyosiy partiyalar va OAVning rolini kuchaytirish borasida so‘nggi yillarda keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotganining huquqiy poydevori aynan mana shu tamoyil bilan bog‘liq.

Yangi tahrirdagi Konstitusiyada davlat hokimiyatining xalq manfaatidan kelib chiqib amalga oshirilishi qat’iy belgilandi. Shuningdek, faqat Konstitusiya va qonunlarda nazarda tutilgan organlargina davlat vakolatlarini amalga oshirishi mumkinligi aniq ko‘rsatildi.

10-modda esa xalq nomidan faqat saylangan Oliy Majlis va Prezident ish yurita olishini belgilab, hokimiyat suiiste’mol qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun mustahkam kafolat yaratadi. Bu huquqiy mexanizmlar O‘zbekistonda demokratiyaning fundamental tamoyillari hayotga tatbiq etilayotganini anglatadi.

Konstitusiyada davlat hokimiyatining noqonuniy egallanishi, parallel hokimiyat tuzilmalarining tashkil etilishi qat’iyan man etildi. Bu tartib demokratik tizimning uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.
“Konstitusiya va qonunlar ustunligi” tamoyili asosida barcha davlat organlari faqat qonunlarga amal qilishi shart ekani qayd etildi. Natijada, insonning siyosiy erkinligi, demokratik institutlar faoliyati, fuqarolik jamiyati rivoji uchun yangi keng imkoniyatlar yaratildi.

Konstitusiyaning yangi tahriri inson qadri, huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadi. “Davlat — jamiyat — shaxs” tamoyili o‘rniga “Inson — jamiyat — davlat” konsepsiyasi joriy qilindi.

Shaxsning huquqlari va ijtimoiy himoyasini kengaytirishga qaratilgan normalar uch baravar ko‘paydi, davlatning ijtimoiy majburiyatlari esa aniq belgilab qo‘yildi. Inson kapitali, tibbiyot, ta’lim, ekologiya, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalari davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida mustahkamlandi.

Konstitusiyaning yangi tahririda ekologik xavfsizlik alohida o‘rin egalladi. 49 va 115-moddalarda har kimning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi, davlatning ekologik tizimni tiklash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha javobgarligi belgilandi.

Bu o‘zgarishlar O‘zbekistonning ekologik barqaror taraqqiyotni ustuvor vazifa sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatadi.

Konstitusiya xalqimizning uch ming yillik davlatchilik tajribasi, buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan uyg‘unlashtirilgan.

Adolat, bag‘rikenglik, or-nomus, olijanoblik kabi milliy fazilatlar Bosh qomusning ma’naviy tamoyillarini boyitadi.

O‘zbekiston bugun 100 dan ortiq xalqaro tashkilotlarda faol ishtirok etmoqda, 140 dan ziyod davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Yangi tashqi siyosat modeli pragmatizm, o‘zaro manfaat, tinchlik va hamkorlikka asoslanadi.

O‘zbekistonning BMT minbarida ilgari surgan 30 dan ortiq tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. Bu mamlakatning global jarayonlardagi faol o‘rnidan dalolat beradi.

Konstitusiyaning 1, 15 va 16-moddalariga ko‘ra, yangi tahrir — butun hududda oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanadi, yagona huquqiy makonning asosidir. Bu yangiliklar sudlar va davlat organlari faoliyatida Konstitusiya normalari bevosita Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi inson sha’ni va qadr-qimmatini oliy qadriyat sifatida e’tirof etadi, demokratik, ijtimoiy va huquqiy davlat barpo etishning mustahkam poydevorini yaratadi, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi, xalqaro maydonda O‘zbekistonning ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

Asosiy Qonun — bugungi va kelajak avlodlar uchun ishonchli xizmat qilishiga ishonchimiz komil.

Q. Pulatov, Farg‘ona davlat universiteti dosenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
A. Nishonov, Farg‘ona davlat universiteti dosenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).

Отправить комментарий