Issiqlik xizmati sifatsiz bo‘lsa, iste’molchi to‘lovdan ozod qilinishi mumkinmi?

Issiqlik xizmati sifatsiz bo‘lsa, iste’molchi to‘lovdan ozod qilinishi mumkinmi?

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda iste’molchilar kommunal xizmatlar uchun haq to‘lashga majbur bo‘lsalar-da, xizmat belgilangan sifatda ko‘rsatilmaydi. Bunday vaziyatlarda iste’molchining qonuniy huquqlari mavjud bo‘lib, ularni himoya qilish mumkin. Quyida keltirib o‘tiladigan holat ham buning yaqqol misolidir.

Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro X. X. yashab turgan ko‘p qavatli uyda 2025–2026 yillar davomida issiqlik ta’minoti talab darajasida ta’minlanmagan. Shunga qaramasdan, issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan xonadon uchun 2 million so‘mdan ortiq qarzdorlik va penya hisoblangan.

Fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida Marg‘ilon shahar Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Jamiyat tomonidan uning manfaatlari ko‘zlab sudga da’vo arizasi kiritilgan.

Sud muhokamasi davomida issiqlik ta’minoti korxonasi mutaxassisi tomonidan tuzilgan dalolatnoma o‘rganildi. Unda mazkur uyda 2025–2026 yillar kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti yetarli darajada ta’minlanmagani qayd etilgan. Shuningdek, korxona vakili ham xizmat sifatining pastligi sababli qarzdorlikning bir qismi qayta hisob-kitob qilinishi lozimligini tan olgan.

Fuqarolik kodeksining 468-moddasiga muvofiq, energiya bilan ta’minlovchi tashkilot iste’molchiga belgilangan tartibda va sifatda energiya yetkazib berishga majbur. Iste’molchi esa haqiqatda olingan xizmat uchun haq to‘laydi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-son qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, agar issiqlik ta’minoti belgilangan parametrlarga javob bermasa, yetkazib beruvchi korxona tegishli dalolatnoma tuzishi va yetkazib berilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan xizmat qiymatini qayta hisob-kitob qilishi shart.

Ish hujjatlari va dalillarni har tomonlama o‘rgangan sud da’voni qisman qanoatlantirdi hamda fuqaro X. X.ga nisbatan hisoblangan kommunal qarzdorlikning 50 foizidan ozod qilish haqida qaror qabul qildi.

Hurmatli iste’molchilar!

Agar uyingizda:

issiqlik ta’minoti yetarli darajada bo‘lmasa;
isitish tizimi belgilangan me’yorlarda ishlamasa;
xizmat sifati shartnoma yoki qonunchilik talablariga javob bermasa, siz quyidagi huquqlarga egasiz:

✔ xizmat sifati bo‘yicha yozma murojaat qilish;
✔ holatni o‘rganish va dalolatnoma tuzilishini talab qilish;
✔ qayta hisob-kitob qilishni so‘rash;
✔ huquqlaringiz tiklanmagan taqdirda sudga murojaat qilish;
✔ iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlaridan huquqiy yordam olish.

Kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash iste’molchining majburiyati hisoblanadi. Ammo xizmat belgilangan sifatda ko‘rsatilmagan bo‘lsa, iste’molchi asossiz hisoblangan to‘lovlarni to‘lashga majbur emas. Muhimi, huquqbuzarlik holatini o‘z vaqtida rasmiylashtirish va qonuniy tartibda o‘z huquqlarini himoya qilishdir.

Marg‘ilon shahridagi mazkur sud qarori iste’molchilar o‘z huquqlarini bilsa va ularni himoya qilishda faol bo‘lsa, adolatga erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqladi.

Отправить комментарий