Kredit asosida tovar xarid qilganda shartnoma shartlarini diqqat bilan o‘rganing
Bugungi kunda maishiy texnika va boshqa tovarlarni muddatli to‘lov yoki kredit asosida xarid qilish amaliyoti keng tarqalgan. Biroq ayrim hollarda iste’molchilar shartnoma shartlarini to‘liq tushunib yetmasdan imzo qo‘yishi natijasida turli tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Oltariq tumanidagi bir murojaat ham buning yaqqol misolidir.
Fuqaro T.E. kredit asosida gaz plitasi va boshqa maishiy texnika vositalarini xarid qilganidan so‘ng, to‘lovlar bo‘yicha hisob-kitoblar va shartnoma shartlaridan norozi bo‘lib, Oltiariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilgan. Murojaatda sotuvchi xodimlari tovarning haqiqiy narxi, kredit bo‘yicha to‘lovlar hamda foizlar haqida yetarlicha tushuntirish bermaganini ta’kidlagan.
Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda savdo tashkiloti va moliya tashkilotidan tushuntirishlar olingan. Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, xarid qilingan tovarlar uchun tuzilgan muddatli to‘lov shartnomasi keyinchalik bekor qilingani va iste’molchining korxona oldida qarzdorligi mavjud emasligi ma’lum qilingan.
Nima uchun bunday holatlar yuzaga keladi?
Ko‘pincha iste’molchilar:
shartnomani to‘liq o‘qib chiqmaydi;
oylik to‘lovlar qanday hisoblanishini aniqlashtirmaydi;
tovarning naqd puldagi va kreditdagi yakuniy qiymatini taqqoslamaydi;
foizlar, komissiyalar va qo‘shimcha to‘lovlarga yetarlicha e’tibor bermaydi.
Natijada xariddan keyin kutilmagan to‘lovlar yoki tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin.
Qonun iste’molchiga qanday huquqlar beradi?
O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida to‘liq, ishonchli va o‘z vaqtida axborot olish huquqiga ega. Sotuvchi esa tovarning narxi, to‘lov shartlari, kredit yoki muddatli to‘lov bo‘yicha majburiyatlar haqida aniq ma’lumot berishi shart.
Shuningdek, iste’molchi shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan tanishish va tushunmagan bandlari bo‘yicha izoh talab qilish huquqiga ham ega.
Kredit asosida xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerak?
— shartnomani shoshilmasdan o‘qing.
— tovarning naqd va kreditdagi umumiy qiymatini taqqoslang.
— barcha foiz va komissiyalarni aniqlashtiring.
— to‘lov jadvalining nusxasini oling.
— kassa cheki, shartnoma va boshqa hujjatlarni saqlab qo‘ying.
— tushunmagan bandi bo‘lsa, imzo qo‘yishdan oldin tushuntirish talab qiling.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash o‘tish mumkinki, kredit yoki muddatli to‘lov asosida tovar xarid qilish qulay imkoniyat yaratsa-da, har bir iste’molchi o‘z huquq va majburiyatlarini yaxshi bilishi lozim. Shartnomani diqqat bilan o‘qish, barcha hisob-kitoblarni oldindan aniqlashtirish va hujjatlarni saqlash kelajakdagi ko‘plab muammolarning oldini oladi. Zero, iste’molchining xabardorligi uning manfaatlarini himoya qilishdagi eng muhim omil hisoblanadi.



Отправить комментарий