1091 ishonch telefoniga bir murojaat ortidan butun ko‘p qavatli uy muammosi o‘rganildi
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimida har bir murojaat alohida e’tibor bilan ko‘rib chiqiladi. Ayniqsa, kommunal xizmatlar bo‘yicha asossiz qarzdorliklarni aniqlash va bartaraf etish fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, iste’molchi sifatli xizmat olish, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot bilan shartnoma tuzish hamda noqonuniy talablar va asossiz hisob-kitoblardan himoyalanish huquqiga ega. Xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot esa iste’molchiga xizmatni qonunchilik talablariga muvofiq ko‘rsatishi va o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishi shart.
Mazkur qonun normalari Marg‘ilon shahrida ko‘rib chiqilgan navbatdagi murojaatda yana bir bor amalda o‘z tasdig‘ini topdi.
Marg‘ilon shahri Yangi Farg‘ona ko‘chasida yashovchi fuqaro Z. G‘. Federatsiyaning 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qilib, ko‘p qavatli uy aholisi nomidan kommunal xizmatlar bilan bog‘liq muammoni ma’lum qildi.
Murojaat Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan zudlik bilan nazoratga olinib, joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, o‘rganish jarayonida ko‘p qavatli uyning 32 nafar xonadon egalari bilan «Xizmat ko‘rsatish shirkati» o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilmagani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek:
— ko‘p qavatli uyda kapital va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan;
— aholiga amalda xizmat ko‘rsatilmagan;
— shunga qaramay, billing tizimida 2023 yil avgust oyidan boshlab qarzdorlik qayta hisoblanib kelingan.
Natijada 32 ta xonadonga jami 29 million so‘m miqdorida asossiz qarzdorlik hisoblangan. Ushbu holat ko‘plab fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi shirkat rahbari bilan uchrashuv o‘tkazilib, amaldagi qonunchilik talablari, jumladan iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid normalar batafsil tushuntirildi.
Olib borilgan o‘rganish va huquqiy tushuntirishlar natijasida:
— billing bazasiga kiritilgan 29 million so‘mlik asossiz qarzdorlik to‘liq bekor qilindi;
— bugungi kunda mazkur ko‘p qavatli uyning 32 ta xonadon egasi xizmat ko‘rsatish shirkati oldida hech qanday qarzdorlikka ega emasligi rasman tasdiqlandi.
Murojaat yakuni bo‘yicha fuqaroga rasmiy javob xati yuborildi hamda zarurat tug‘ilganda yuqori turuvchi organlar yoki sudga murojaat qilish huquqi mavjudligi ham tushuntirildi.
Mazkur holat iste’molchilar uchun muhim saboq bo‘la oladi.
Agar Sizga:
— xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
— xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilmagan bo‘lsa;
— asossiz qarzdorlik hisoblangan bo‘lsa;
— billing tizimida noto‘g‘ri ma’lumotlar aks etgan bo‘lsa, bunday holatlarga befarq bo‘lmang.
Avvalo xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotdan yozma tushuntirish talab qiling. Muammo bartaraf etilmasa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga yoki 1091 qisqa ishonch telefoni orqali murojaat qiling.
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan olib borilgan mazkur ishlar yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, fuqarolarning o‘z vaqtida qilgan murojaati nafaqat bitta iste’molchining, balki butun ko‘p qavatli uy aholisining qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilishi mumkin.
1091 ishonch telefoni orqali bildirilgan bitta murojaat natijasida 32 ta xonadonning 29 million so‘mlik asossiz qarzdorligi bekor qilinib, ularning qonuniy huquq va manfaatlari tiklandi.
Bu esa iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi nafaqat alohida murojaatlarni hal qilish, balki jamoaviy muammolarni ham qonun doirasida samarali bartaraf etishga qodir ekanini yana bir bor namoyon etdi.



Отправить комментарий