Ko‘p bolali oilaning ijtimoiy masalasi joyiga chiqib o‘rganildi
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash nafaqat ularning huquqlarini himoya qilish, balki mavjud muammolarning haqiqiy sabablarini aniqlash va amalda yechim topishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning murojaatlarini xolisona o‘rganish, ularga qonunchilik asosida tushuntirish berish va tegishli idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish har bir murojaatning adolatli hal etilishiga xizmat qiladi.
Ana shunday murojaatlardan biri Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida yashovchi ko‘p bolali oila tomonidan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Beshariq tuman jamiyatiga kelib tushdi.
Shoberdi mahallasida yashovchi fuqaro M. M. bolalar nafaqasi tayinlanmayotgani, murojaatlari bir necha marta rad etilgani hamda o‘z hisobida turar joy mavjudligi haqida asossiz ma’lumot kiritilganini ta’kidlab, huquqiy yordam so‘rab murojaat qildi. Fuqaro oilada faqat turmush o‘rtog‘i mehnat faoliyati bilan band ekanini, o‘zi esa uch nafar farzandi parvarishi bilan shug‘ullanayotganini bildirgan hamda murojaatni ijobiy hal etishda amaliy ko‘mak so‘ragan.
Beshariq tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari murojaatni o‘rganish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, hokim yordamchisi hamda ijtimoiy xodim ishtirokida fuqaro yashash manziliga chiqishdi. O‘rganish davomida oilaning haqiqiy ijtimoiy holati atroflicha tahlil qilindi.
Aniqlanishicha:
— oilada uch nafar voyaga yetmagan farzand tarbiyalanmoqda;
— murojaatchi hozirda bolalar parvarishi bilan band;
— turmush o‘rtog‘i tuman tibbiyot birlashmasida ishlaydi, biroq ish hajmi qisqargani sababli tungi navbatchilikda mehnat qilmoqda;
— murojaatchi nomida turar joy mavjud emasligi tasdiqlandi;
— turmush o‘rtog‘i nomida «Damas» rusumli avtomashina mavjudligi ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida fuqaroga Vazirlar Mahkamasining kam ta’minlangan oilalarni «Ijtimoiy himoya yagona reestri» orqali aniqlash va bolalar nafaqasini tayinlash tartibiga oid qarorlari mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Shuningdek, tuman Inson ijtimoiy xizmatlar markazidan olingan rasmiy javobga ko‘ra, murojaatning avval rad etilishiga asosiy omillar sifatida:
— oilaning rasmiy daromadi belgilangan mezondan yuqori ekani;
— turmush o‘rtog‘i nomida avtotransport vositasi mavjudligi kabi holatlar qayd etilgani ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, murojaatchi ta’kidlagan «hisobimda turar joy bor» degan ma’lumot asossiz ekani, axborot tizimi davlat reestrlari bilan avtomatik integratsiya qilingan holda ishlashi va ma’lumotlarni qo‘lda kiritish yoki o‘zgartirish imkoniyati mavjud emasligi ham tushuntirildi.
O‘rganish natijasida fuqaroning yangi arizasi qabul qilinib, «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqish uchun yuborilgani ma’lum qilindi. Murojaatchiga nafaqa tayinlash tartibi, baholash mezonlari hamda qonunchilik talablari yuzasidan batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi. O‘rganish yakunida fuqaro berilgan izohlardan qoniqqanini bildirgan.
Mazkur holat har bir murojaatni faqat rasmiy tarzda ko‘rib chiqish emas, balki uning mohiyatini joyiga chiqqan holda o‘rganish qanchalik muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimi fuqarolar murojaatlarini xolisona o‘rganish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilish va aholiga huquqiy tushuntirishlar berish orqali ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.



Отправить комментарий