“Chimyon” pansionatida iste’molchilar huquqlariga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

“Chimyon” pansionatida iste’molchilar huquqlariga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona tumani jamiyati tashabbusi bilan “Chimyon” pansionatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda pansionatning ishchi-xodimlari ishtirok etib, ularga iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik talablari, xizmat ko‘rsatish jarayonida iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash, sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatishning muhim jihatlari yuzasidan tushunchalar berildi.

Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan iste’molchiga xizmat turi, uning narxi va shartlari haqida to‘liq, ishonchli hamda tushunarli ma’lumot taqdim etilishi lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish jarayonida belgilangan sanitariya-gigiena talablariga rioya qilish, xodimlarning muomala madaniyatini yuksaltirish va fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida sanatoriy va pansionatlarda dam oluvchi fuqarolar ham, eng avvalo, iste’molchi ekani, shu bois ularning qonunchilikda belgilangan huquq va manfaatlari to‘la ta’minlanishi zarurligi qayd etildi. Iste’molchilarning e’tiroz va takliflarini o‘rganish esa xizmat sifati va tashkilot nufuzini oshirishning muhim omili ekani ta’kidlandi.

Tadbir savol-javob va ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar berib, mutaxassislardan tegishli huquqiy tushuntirishlar oldilar.

Bunday targ‘ibot tadbirlari xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarda iste’molchilar huquqlariga hurmat bilan yondashish muhitini shakllantirish, xodimlarning huquqiy bilimlarini oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Отправить комментарий