Quva tumanida tibbiy xizmatlar sifati jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi

Quva tumanida tibbiy xizmatlar sifati jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganildi

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va shaffofligini o‘rganishga qaratilgan keng qamrovli jamoatchilik nazorati tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Federatsiya raisining tegishli buyrug‘iga muvofiq joriy yilning iyun-avgust oylarida respublika bo‘ylab davlat tibbiyot muassasalarida jamoatchilik monitoringi tashkil etilgan. Unda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda sanitariya-gigiena talablariga rioya etilishi holatlarini, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy faoliyatiga aralashmagan holda, o‘rganish belgilangan. Monitoring jarayoniga mutasaddi tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini ham jalb qilish nazarda tutilgan.

Ana shu tadbirlar doirasida Federatsiyaning Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi Ishchi guruhi tomonidan Quva tumanidagi davlat tibbiyot muassasalarida ham jamoatchilik nazorati tadbirlari olib borildi.

Monitoringning asosiy maqsadi tibbiyot muassasalarida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va shaffofligini, dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni tayinlash va realizasiya qilish jarayonlarida qonunchilik talablariga rioya etilishini jamoatchilik nazorati asosida o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Shu bois o‘rganish jarayonida faqat tibbiy xizmatning o‘zi emas, balki bemor tibbiyot muassasasiga kirib kelganidan boshlab unga yaratilgan sharoitlarning butun zanjiriga e’tibor qaratildi.

Xususan, bemorlarni qabul qilish va navbat tizimi, shifokorlarning ish jadvali, pulli va bepul xizmatlar haqida axborot berish, to‘lovlarni amalga oshirish tartibi, xodimlarning muomala madaniyati, murojaat va shikoyatlarni qabul qilish mexanizmlari o‘rganildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, homilador ayollar va bolalar uchun yaratilgan sharoitlarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Jamoatchilik nazoratida bemorlarning o‘z huquqlaridan qay darajada xabardorligi va bu huquqlarni ta’minlash uchun tibbiyot muassasasida qanday sharoit yaratilgani muhim mezonlardan biri hisoblanadi.

Jumladan, bemorga uning sog‘lig‘i holati, tashxisi va davolash tartibi haqida tushuntirish berilishi, tibbiy aralashuv yoki muolaja uchun roziligini olish, shaxsiy ma’lumotlar va tibbiy sirning saqlanishi, shuningdek, shikoyat qilish mexanizmlarining mavjudligi o‘rganildi.

O‘rganishning yana bir muhim yo‘nalishi — bemorlarga dori vositalarini tayinlash va reseptlarni rasmiylashtirish amaliyoti.

Konsepsiyaga muvofiq, dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha tayinlash, reseptlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish, elektron resept tizimidan foydalanish hamda bemorga dorini qabul qilish tartibi, dozasi, muddati va nojo‘ya ta’sirlari haqida yetarli tushuntirish berilishi kabi masalalar tahlil qilindi.

Shuningdek, shifokor tomonidan bemorga muayyan dorixona, firma yoki muayyan savdo belgisiga ega dori vositasini tavsiya qilish holatlariga ham e’tibor qaratilishi belgilangan.

Monitoring tibbiyot muassasasining sanitariya holatini ham qamrab oladi. Palatalar, yo‘laklar, qabulxonalar, hojatxona va yuvinish xonalarining tozaligi, ichimlik suvi va gigiena vositalari bilan ta’minlanganlik, tibbiy chiqindilar bilan ishlash, dezinfeksiya tadbirlari va hudud obodonligi o‘rganildi.

Stasionar muassasalarda esa bemorlar ovqatlanishi, ovqatlarning sifati va xilma-xilligi, parhez taomlari, oshxona va ovqat tarqatish joylarining sanitariya holati hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash talablariga rioya qilinishiga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, bemorlar uchun krovat, to‘shak va choyshablar, ichimlik va issiq suv, isitish va sovitish tizimi, kutish zallari, xavfsizlik va evakuasiya yo‘laklarining holati kabi kundalik hayot uchun muhim bo‘lgan jihatlar ham jamoatchilik nazorati doirasida baholandi.

O‘rganishlar yakunida to‘plangan ma’lumotlar tahlil qilinib, ijobiy tajribalar bilan bir qatorda yechim talab etayotgan masalalar umumlashtiriladi. Aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli davlat organlari va mutasaddi tashkilotlarga asoslantirilgan takliflar kiritilishi ko‘zda tutilgan.

Pirovard maqsad — tibbiyot muassasasini “tekshirish” emas, balki bemor uchun xizmatni yanada sifatli, ochiq, xavfsiz va qulay qilishga jamoatchilik nazorati orqali ko‘maklashishdir.

Отправить комментарий